Yutuq va kamchiliklar tahlili
Surxondaryo viloyatida 82 milliard uch yuz million so‘m va 250 ming dollar qiymatidagi mablag‘ evaziga ishga tushirilgan sanoat korxonalarida qirqqa yaqin yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. To‘rt ming ikki yuzga yaqin ish o‘rni yaratildi, 28 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi.
Viloyatni 2015-yilning 9 oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari hamda ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida shu va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar chuqur tahlil qilindi.
Viloyat hokimi T.Mamaraimov boshqargan yig‘ilishda mahalliy Kengashlar deputatlari, boshqarma va idoralar, tijorat banklari, jamoat tashkilotlari, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan bajarilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlandi, yalpi hududiy mahsulot hajmi 4 trillion 927 milliard 740 million so‘mdan ziyodni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari 18,7, iste’mol tovarlari 13,6, qurilish pudrat ishlari 13,9, xizmatlar hajmi 18,8, chakana savdo aylanmasi 18,4 foizga o‘sdi. Bandlik dasturi doirasida 53 ming 252 yangi ish o‘rni yaratildi.
Iqtisodiyotda tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, modernizatsiya va diversifikatsiya ishlarini izchil davom ettirish, korxonalarni texnik va texnologik qayta jihozlash, yangi quvvatlarni ishga tushirish viloyat iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning voha iqtisodiyoti taraqqiyotidagi rolini yanada oshirish, mavjud to‘siq va g‘ovlarga chek qo‘yish, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida 1000 dan ortiq kichik biznes subyekti tashkil etildi. Sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 448,8 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilib, xususiy sektor tomonidan 391,9 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. 791,2 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. 439,5 milliard so‘mlik pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznesning ulushi 79,1 foizni, xizmatlardagi ulushi 43,2 foizni tashkil etdi.
Viloyat korxonalari tomonidan 98,1 million dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilindi.
Yig‘ilishda yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Viloyatda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash hamda qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini g‘amlash yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar ijrosi tahlil qilindi. Shuningdek, viloyatning sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olindi.