2015 — 2020 YILLARDA UMUMTA’LIM MAKTABLARINI ZAMONAVIY SPORT ZALLARI BILAN TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI DASTURI TO‘G‘RISIDA

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

2015 — 2020 YILLARDA UMUMTA’LIM MAKTABLARINI ZAMONAVIY SPORT ZALLARI BILAN TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI DASTURI TO‘G‘RISIDA

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 49-son, 583-modda)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi to‘g‘risida» 2014 yil 19 fevraldagi PQ-2133-son qarorini bajarish yuzasidan, umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda umumta’lim maktablarining mavjud sport zallari to‘liq xatlovdan o‘tkazilganligi hamda ularning moddiy-texnika bazasi o‘rganilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2015 — 2020 yillarda umumta’lim maktablarini zamonaviy sport zallari bilan ta’minlash chora-tadbirlari dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

2015 — 2020 yillar davrida umumta’lim maktablari uchun sport zallari qurishning 1-ilovaga* muvofiq asosiy parametrlari;

umumta’lim maktablarining sport zallarini jihozlashning 2-ilovaga* muvofiq normativlari.

*1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

3. Quyidagilar Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari;

imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar mablag‘lari, respublika yuridik va jismoniy shaxslarining xayriya ehsonlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tasdiqlangan namunaviy loyihalarga, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladigan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlasin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

har yili O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga bolalar sporti ob’ektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha dasturlarni shakllantirishda ularning manzilli qismiga umumta’lim maktablari uchun sport zallari qurish loyihalarini kiritsinlar;

tasdiqlangan har yilgi manzilli dasturlarga muvofiq umumta’lim maktablari uchun sport zallari qurish parametrlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatsinlar, har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Dasturning bajarilishi to‘g‘risida axborot kiritsinlar.

6. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYoEV

Toshkent sh.,
2014 yil 3 dekabr,
331-son