Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirgan ishlar to‘g‘risida

21 may kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirgan ishlar to‘g‘risida” mavzuiga bag‘ishlangan Matbuot konferentsiyasi o‘tkazildi

Mustaqillik yillarida Davlatimiz rahbari boshchiligida hech bir mamlakatda bo‘lmagan yondoshuv asosida inson omiliga, inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. 1997 yildan buyon amaliyotga tatbiq qilinayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan Davlat dasturlari natijasi barchaning e’tiborini tortmoqda. Boshqa mamlakatlar O‘zbekiston tajribasini o‘rganmoqda.

2015 yilning Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Keksalarni e’zozlash yili» deb e’lon qilingani va mazkur yo‘nalishda Davlat dasturi qabul qilingani mamlakatimizda keksa avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga ehtirom ko‘rsatish borasidagi ishlarni yanada yuksak bosqichga olib chiqdi. Jumladan, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish hamda ular hayoti mazmuni va sifatini oshirish, pensiya ta’minoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarini mantiqiy va izchil davom ettirish, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish belgilandi.

6 ta bo‘lim, 66 ta banddan iborat bo‘lgan mazkur Davlat dasturidagi 12 ta bandning ijrosida kasaba uyushmalari Federatsiyasi mas’ul etib belgilangan. Xususan, Davlat dasturining birinchi yo‘nalishida:

Keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish hamda ular hayoti mazmuni va sifatini oshirish, pensiya ta’minoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish maqsadida joriy yilda bir qator Qonunlar loyihasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori va Farmoni, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2015-2020 yillar mobaynida yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlash va takomillashtirish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi tayyorlanishi jarayonida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tegishli takliflar bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek, amaldagi va yangi qabul qilingan Qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish va bu borada turli seminarlar, davra suhbatlari hamda uchrashuvlar tashkil etishda ham faol ishtirok etilmoqda. Bundan tashqari Kasaba uyushmalarining “Ishonch telefon”lari orqali keksa yoshdagi fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berish ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy yilning 4 oyi davomida 100 nafarga yaqin keksa insonlarga shu turdagi xizmatlar ko‘rsatildi.

Davlat dasturining ikkinchi yo‘nalishida:

Keksalarni, eng avvalo, 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini qo‘llab-quvvatlash, birinchi navbatda yolg‘iz qariyalar va nogironlarga qo‘rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish, ularni farovon va munosib turmush sharoitlari bilan ta’minlash uchun mahallalar, «Nuroniy» jamg‘armasi, boshqa nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy tuzilmalar tomonidan moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash miqyosini oshirish vazifalari belgilangan. Mazkur yo‘nalishda kasaba uyushmalari tomonidan hami tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilariga bir martalik manzilli moddiy yordam ko‘rsatish, ularni maishiy texnika bilan bepul ta’minlash, zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish kabi tadbirlar shular jumlasidandir.

Xususan, 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan “Kasaba uyushmalari faxriylarga” aktsiyasi e’lon qilinib, uning doirasida Pensiya jamg‘armasi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati tizimidagi 2990 nafar 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilarining har biriga 300 ming so‘mdan bir martalik pul mukofotlari topshirildi (jami 897,0 mln.so‘m).

67123 ming nafar yolg‘iz keksalarga: oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, uy-joyini ta’mirlash, kommunal xizmatlarga haq to‘lash ko‘rinishlarida ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungacha 8 ming nafardan ortiq shu toifadagi keksalarga jami 615 mln. so‘mlik moddiy yordam berildi.

Navro‘z hamda Xotira va qadrlash kuni bayramlari munosabati bilan: respublikamizning barcha hududlaridagi “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchilar holidan xabar olish bilan bir qatorda, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, qariyb 55 mln. so‘mlik moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlari amalga oshirildi. Yil davomida mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Davlat dasturining uchinchi yo‘nalishida:

Faxriylar va yoshi ulug‘ insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi hamda sifatini oshirish, ularni tizimli sog‘lomlashtirishni tashkil etish, ko‘rish va eshitish organlari, tayanch xarakat tizimi va yurak-kon-tomir kasalliklarini davolashning zamonaviy usullari bilan qamrab olish va ulardan foydalanishni kengaytirish, ularni reabilitatsiya vositalari bilan imtiyozli ta’minlash, keksa insonlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan sanatoriy-sog‘lomlashtirish va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar belgilangan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Davlat dasturiga muvofiq joriy yilda 21 ming 98 nafar urush va mehnat fronti faxriylari sog‘lomlashtiriladigan 37 ta sanatoriy ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ularning 15 tasini kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylar tashkil etadi. Kasaba uyushmalari tizimidagi barcha sanatoriylarda 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini davlat byudjeti hisobidan sifatli va samarali sog‘lomlashtirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar, qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, kasaba uyushmalari tizimidagi 15 ta sanatoriyda qariyb 11 milliard so‘mlik qurilish, rekonstruktsiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, imkon qadar pastki qavatlarda va muolaja o‘tkaziladigan bo‘limlarga yaqin joylarda “Urush va mehnat fronti faxriylari bo‘limlari” tashkil etildi. Mazkur bo‘limlar eng zamonaviy yumshoq va qattiq jihozlar, tibiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Faxriylar uchun ajratilgan xonalar, sanuzellar, oshxona va muolaja xonalarida ularning jismoniy imkoniyatidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha qulayliklar yaratilib, tegishli moslamalar o‘rnatildi. Har bir sanatoriyda faxriylarning tezkor va navbatsiz qabul qilinishi ta’minlanmoqda. Tibbiy ko‘rik natijalariga asosan ularga kerakli dori-darmonlar, fizioterapiya, uqalash, parafin, suv muolajalari berilmoqda. Shuningdek, faxriylar buyurtmasiga ko‘ra ularning ovqat hazm qilish tizimi holatini inobatga olgan holda sog‘lomlashturuvchi mineral va darmondorilarga boy tabiiy mahsulotlardan parhezli taomlar tayyorlab berilmoqda.

Urush va mehnat fronti faxriylari sog‘lomlashtiriladigan 37 ta sanatoriyda yaratilgan shart-sharoitlar va sifatli xizmat ko‘rsatish Kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshida tashkil etilgan idoralararo Respublika ishchi guruhi tomonidan doimiy nazoratga olingan. 15 may holatiga ko‘ra sanatoriylarda jami 2 ming 33 nafar urush va mehnat fronti faxriylari sog‘lomlashtirildi. Bundan tashqari kasaba uyushma sanatoriylari atrofida joylashgan mahallalarda yashovchi yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarni har tomonlama tibbiy tashxisdan o‘tkazish, sog‘lomlashtirish muolajalarini ambulator sharoitda o‘tkazish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Bugungacha respublikamizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan shu toifadagi insonlarni sanatoriylarda ambulator davolash uchun 10 mln. 500 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shu bilan birga, Davlat dasturi doirasida kasaba uyushmalari tomonidan:

6 ming nafar ishlaydigan pensionerlar, mehnat faxriylari, ishlamaydigan pensionerlarni bepul va imtiyozli sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungi kungacha tizimdagi sanatoriylarda kasaba uyushmalari tomonidan qariyb 2 ming nafar shu toifadagi keksalar bepul va imtiyozli asosda sog‘lomlashtirildi. Ushbu maqsadlarga jami 1 milliard 600 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, kasaba uyushmalari tomonidan har bir hududdan 30 nafardan, jami 420 nafar keksalar va jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarni 300 million so‘mlik yordamchi va texnik reabilitatsiya vositalari, xususan, nogironlik aravachalari bilan bepul ta’minlash ishlari olib borilmoqda.

Davlat dasturining to‘rtinchi yo‘nalishda:

Mamlakatimizning harbiy, iqtisodiy, madaniy-ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirish, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik kayfiyatini shakllantirish, sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan keksa avlod vakillari hurmatini joyiga qo‘yish, o‘g‘il-qizlarni har bir nuroniyni chuqur hurmat qilish, e’zozlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tuyg‘usi ruhida tarbiyalash bo‘yicha aniq tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Xuddi shu maqsadlarda kasaba uyushmalari tomonidan jamoa shartnomalari orqali 29 ming nafar pensiya yoshidagi insonlarni pensiyaga chiqishi hamda yubiley sanalari munosabati bilan moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, 55 ming nafar ishlamaydigan pensionerlarni ilgari o‘zlari mehnat qilgan korxona va tashkilotlar orqali moddiy qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadlarga ish beruvchilar va kasaba uyushmalari tomonidan jami 13 mlrd. mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Bugungacha jamoa shartnomalari orqali qariyb 19 ming nafar pensiya va yubiley yoshidagi mehnatkashlarga 5 milliard so‘mlikdan ziyod qimmatbaho sovg‘alar topshirilib, moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, barcha hududlardagi mehnat jamoalarida:

Yosh avlodning ma’naviy va ahloqiy tarbiyasiga ko‘maklashish, ularda milliy g‘urur va o‘zini anglash hissini shakllantirish maqsadida urush va mehnat faxriylari ishtirokida “Siz doim e’zozdasiz”, “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Keksalarni ardoqlagan yurt”, “Faxriylar – faxrimiz” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etilmoqda. “Kasbim – faxrim” nomli tadbirlar tashkil etilib, mehnat faxriylarining yoshlar bilan uchrashuvlarini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Yana bir muhim jihat – korxona, tashkilot va muassasalarda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari qoshida “Faxriylar kengashi” tashkil etilib, keksalik gashtini surayotgan otaxon va onaxonlar holidan xabar olish, ularni kerakli mahsulotlar va dori-darmonlar bilan ta’minlash, boy hayotiy tajribalari orali yoshlarni shukronalik ruhida tarbiyalash ishlari amalga oshirilmoqda.

Davlat dasturining beshinchi yo‘nalishida:

Har bir insonga atroflicha e’tibor qaratish, ularning hurmatini joyiga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni kuchaytirish, samarasini oshirish, keksalar hayot kechirishi va hordiq chiqarishini tashkil etishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish tadbirlari belgilangan.

Bu borada kasaba uyushmalari tomonidan:

Dastur doirasida 560 nafar keksa faxriylarning teatr, kontsert va boshka madaniy tadbirlarga tashrifini tashkil etish belgilangani holda, Navro‘z hamda Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramlari arafasida 1400 nafarga yaqin keksalar shunday tadbirlarga jalb etildi.

Shuningdek, mehnat jamoalarida:

o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat soatlari”da “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturining maqsad va mohiyati keng targ‘ib etilmoqda. Faxriylar o‘rtasida sportning shaxmat, shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Havaskor velosportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Kasaba-Tur” velomarafonining barcha bosqichlarida 300 nafardan ortiq mehnat faxriylari va yoshi ulug‘ insonlarning ishtiroki ta’minlandi. Korxona, tashkilot va muassasalardagi, sanatoriylar hamda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi “Ma’naviyat va ma’rifat xonalari” “Keksalarni e’zozlab, duosini olaylik” nomli qo‘llanmalar, “Keksalar – hayotimizning fayzu farishtasi” turkumidagi plakatlar bilan ta’minlandi.

Davlat dasturining oltinchi yo‘nalishida:

Kasaba uyushmalari tomonidan 1000 nafar keksalarning respublikamizning tarixiy shaharlariga va diqqatga sazovor joylariga sayohatlarini tashkil qilish rejalashtirilgan. Bugungacha 935 nafar otaxon va onaxonlar, urush va mehnat faxriylari uchun Buxoro, Samarqand, Xiva, Qo‘qon, Shaxrisabz, Toshkent shaharlarining tarixiy va diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etildi. Ushbu maqsadlarga 130 mln. 200 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shuningdek, «Keksalar duosini olaylik» aktsiyasi doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan yolg‘iz va ijtimoiy yordamga muhtoj keksalar yashayotgan oilalardan 2 ming nafariga 1 mlrd. 500 mln. so‘mlik elektr-maishiy texnika tovarlarini bepul berish rejalashtirilgan.

Davlat dasturi tadbirlari ijrosi uchun bugungi kungacha kasaba uyushmalari tomonidan 16 mlrd. 300 ming so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Sirasini aytganda, «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi so‘zsiz aholining turmush darajasi va hayoti sifatini oshirishda ulkan ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Matbuot xizmati