1998 - Oila yili

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori

Oila manfaatlarini ta’minlash borasida 1998 yilda amalga oshiriladigan tadbirlar davlat dasturi to‘g‘risida

Oilaning jamiyatni o‘zgartirishdagi tutgan o‘rni va ishtirokini yanada oshirish, oilalarning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy manfaatlarini va farovonligini yaxshilashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish hamda izchil ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 9 dekabrdagi F-796-son Farmoyishi bilan tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Oila manfaatlarini ta’minlash borasida 1998 yilda amalga oshiriladigan tadbirlar Davlat dasturi tasdiqlansin (1-ilova).
2. Hokimiyat va boshqaruvning davlat tuzilmalari mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlar Davlat dasturi topshiriqlarining belgilangan muddatlarga muvofiq so‘zsiz bajarilishini ta’minlashning mukammal choralarini ko‘rsinlar. Ushbu maqsadlarda ikki hafta muddatda:
Davlat dasturida ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni korxonalar va tashkilotlarning aniq shart-sharoitlariga muvofiq ravishda, shuningdek, korxona, tashkilot joylashgan erdagi mahallalarda yashovchi oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash zarurligiga qarab amalga oshirish bo‘yicha tarmoq va idoraviy tadbirlar;
shaharlar, tumanlar, qishloqlar va ovullarning mahalliy shart-sharoitni hisobga oluvchi va har bir oilani qamrab oluvchi oila manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshiriladigan mintaqaviy dasturlar ishlab chiqilsin.
3. Davlat matbuot qo‘mitasi, «O‘zteleradio» kompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari qabul qilingan 1998 yilgi Davlat dasturida nazarda tutilgan oila manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshiriladigan tadbirlarning tutgan o‘rni va ahamiyatini keng tushuntirishni ta’minlasinlar.
Oila manfaatlarini ta’minlash dasturlarining bajarilishi doimo kuzatib borilsin va uning natijalari keng yoritilsin.
4. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va barcha darajalardagi hokimliklar har chorakda o‘zlarining yakuniy majlislarida manfaatdor organlar va tuzilmalarni jalb qilgan, mas’ul ijro etuvchilarning hisobotlarini tinglagan holda oila manfaatlarini ta’minlash borasidagi tegishli dasturlarning bajarilishini ko‘rib borsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 5 martdagi 101-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.


Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998 yil 27 yanvar,
45-son

Dasturni yuklab olish