O‘zbekiston ekologik harakatining 2014 yil va 2015 yil birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan hisoboti
2015-09-11
Joriy yilning 11 sentyabrь kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi institutining Botanika bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi a’zolari, Ekoharakat xodimlari va faollari, atrof ekologiya va tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, sohaga tegishli vazirlik va idoralardan vakillar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston ekologik harakatining 2014 yil va 2015 yil birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan hisoboti eshitildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 2014 yil Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida Ekoharakatning 2013 yildagi faoliyati haqida taqdim etilgan hisoboti Parlament komissiyasi a’zolari tomonidan ma’qullanib, faoliyatni yanada kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan edi. Berilgan tavsiyalar asosida istiqboldagi rejalar belgilanib va shu asosda faoliyat olib borildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Ekoharakat oldida turgan ustuvor dasturiy vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar olib borildi. Amaldagi ekologik qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, davlat dasturlari ijrosini ta’minlash, atrof-muhit va aholi salomatligi muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish, Markaziy Osiyodagi muhim transchegaraviy ekologik masalalar yuzasidan O‘zbekiston pozitsiyasini xalqaro hamjamiyatga etkazish maqsadida qator amaliy tadbirlar tashkil etildi.
2014 yil davomida o‘tkazilgan 887 ta tadbirda 94 450 kishi ishtirok etgan bo‘lsa, 2015 yilning birinchi yarim yilligida o‘tkazilgan 508 ta tadbirda 38 900 kishi qatnashgan.
Atrof muhit muhofazasi va ekologik holatni sog‘lomlashtirish ishida jamoatchilik ishtiroki faolligini har tomonlama kuchaytirishga qaratilgan dasturiy vazifani bajarish maqsadida hududiy bo‘linmalar faoliyatini kuchaytirish asnosida markazda va joylarda 2014 yil davomida 300 dan ortiq, 2015 yilning 6 oyi davomida 200 dan ziyod tadbirlar tashkil etildi.
Ushbu tadbirlarning asosiy mazmun mohiyatini atrof muhitning inson salomatligiga ta’siri va ularni oldini olish borasidagi chora-tadbirlar haqida aholini xabardor qilish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, jamoatchilikning atrof muhitni muhofaza qilish ishlaridagi ishtiroki, hududlarning ekologik va sanitar holatini yaxshilish, atrof muhit muhofazasiga yoshlarni keng jalb qilish kabi masalalar qamrab oldi.
2014 yilning 11 oktyabrь – 15 noyabrь kunlari“O‘zbekiston ekologik harakatidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan Ekoharakatning barcha hududiy bo‘linmalarida Respublika Konferentsiyasiga delegatlar saylash konferentsiyalari bo‘lib o‘tdi. Konferentsiyalarda hududiy bo‘linmalardan 25 tadan, jami 350 nafar delegatlar Respublika konferentsiyasiga saylab olindi.
2014 yilning 21 dekabrь kuni “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash bo‘yicha Ekoharakat konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferentsiya jarayonini kuzatish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Missiyasi, Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilari Cheklangan missiyasi, Rossiya Federatsiyasi, AQSh, Buyuk Britaniya, Pokiston Islom Respublikasi va Ozarbayjon kabi davlatlardan 11 nafar kuzatuvchilar tashrif buyurishdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash bo‘yicha Ekoharakat konferentsiyasi shaffof, oshkoralik printsiplari asosida, demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tganligini unda ishtirok etgan xorijiy kuzatuvchilar ham alohida e’tirof etishdi.
Hisobot davrida atrof muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish borasidagi ishlar yanada jonlantirildi. Ushbu yo‘nalishda 2014 yil davomida 75 dan ortiq tadbirlar tashkil etilgan bo‘lsa, 2015 yilning birinchi yarmi yilligida 93 ta tadbirlar o‘tkazildi. Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan qator nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda jamoatchilik tashkilotlari mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘rganildi.
2014 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida faoliyat olib borgan Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, mamlakatda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga qaratilgan 9 ta qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Yangi saylangan Ekoharakat deputatlari tomonidan 2015 yilning I yarim yilligida 6 ta, shu jumladan 2 ta yangi qonunlar ustida, ya’ni “Aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi va “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida”gi qonunlarni ishlab chiqish hamda amaldagi ekologiya sohasidagi 5 ta qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha faoliyat olib bordilar.
Ushbu yo‘nalishdagi qonunlar talablarini bajarilishiga qaratilgan 90 dan ortiq nazorat-tahlil tadbirlari tashkil etildi.
Atrof tabiiy muhit muhofazasi va shu maqsadlarga ajratilgan resurslardan oqilona foydalanish borasida qabul qilingan hujjatlarni ijro etishda markazda va joylarda davlat organlari, jamoatchilik va boshqa tuzilmalar mas’uliyatni oshirish maqsadida Ekoharakat tomonidan 2014 yil davomida 55 ta tadbir o‘tkazilgan bo‘lsa, 2015 yilning 6 oyi davomida 20 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tadiqlangan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini hayotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi”ga muvofiq Ekoharakat qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Jamoatchilik ekologik nazorati to‘g‘risida Nizom”,“Ekologik nazorat jamoatchi inspektori to‘g‘risida Nizom” va NNT uchun “Jamoatchilik ekologik nazorati” mavzuida uslubiy tavsiyalar ishlab chiqdi. Ushbu hujjatlar tegishli vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishilib Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
Aholi turar joylarining ekologik va sanitar-epidemiologik holatini o‘rganishga, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka etkazishga, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning o‘rni va roliga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish borasidagi ishlar faollik bilan olib borildi. Ushbu yo‘nalishda, ekologik va sanitar-epidemiologik holat bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni joyida o‘rganish maqsadida ekologik reydlar tashkil etish masalalariga jiddiy e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekologik ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishda 2014 yilda 90 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lsa, 2015 yilning birinchi yarim yilligida 40 dan ziyod tadbirlar tashkil etildi. O‘tkazilgan tadbirlarning mazmun-mohiyati, atrof muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish sohasidagi qonunlar mazmun mohiyatini jamoatchilikka etkazish, ekologik ta’lim-tarbiya istiqbollari, yoshlar o‘rtasida ekologik bilim va madaniyatni shakllantirishning sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda va ekologik muammolarni hal etishdagi o‘rni, aholining ekologik va tibbiy madaniyatini yuksaltirishda oila va mahallaning roli kabi dolzarb masalalarni qamrab oldi.
Hisobot davrida Ekoharakat tomonidan xorijiy va xalqaro ekologik tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalashidagi ishlar sobitqadamlik bilan davom ettirildi. Ushbu yo‘nalishda 2014 yil davomida 45 dan ortiq, 2015 yilning 6 oyi davomida 17 ta tadbir tashkil etildi. Ekoharakat tomonidan 30 tadan ortiq ilg‘or xorijiy mamlakatlarning NNT bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgan, ekologiya va tibbiyot sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Atrof muhit muhofazasi ham davlat, ham jamiyat va har bir fuqaroning vazifasiga aylanishiga erishish yo‘lidagi dasturiy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun O‘zbekiston ekologik harakati tomonidan 2014 yil hamda 2015 yilning birinchi yarim yilligida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishda 2014 yilda 110 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lsa, 2015 yilning birinchi yarim yilligida tadbirlar soni 80 tani tashkil etdi.
O‘zbekiston ekologik harakati, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati bilan birgalikda maktab o‘quvchilari o‘rtasida Respublika “Onajonim tabiat” ijodiy tanlovi, iqlim o‘zrashining salbiy oqibatlariga turli sohadagi bo‘lg‘usi mutaxassislar e’tiborini jalb etish maqasadida oliy o‘quv yurtlari talabalari va magistrlari o‘rtasida “Global iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha eng yaxshi g‘oya – 2014 - 2015” tanlovi, bosma, televidenie, radio va elektron ommaviy axborot vositalarida tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yaxshi jurnalistik va ixtisoslashgan material uchun “Tibbiyot, onalik va bolalikni muhofaza qilish va ekologiya” mavzusidagi Respublika ijodiy tanlovi o‘tkazildi.
Hisobot davrida ekologik va tibbiyot yo‘nalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish yo‘nalishidagi dasturiy vazifalarni bajarishga qaratilgan 40 ga yaqin tadbirlar o‘tkazildi. Ekoharakat bugungi kunda o‘zi bilan hamkor va hamnafas bo‘lgan 120 ga yaqin ekologik va 130 ta tibbiyot yo‘nalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlari doimiy aloqalar olib bormoqda.
Ekoharakat qoshida “Ishonch telefoni” muntazam ravishda faoliyat olib bormoqda. 2014 yil davomida “Ishonch telefoniga” fuqarolarimizdan 418 ta, 2015 yilning 6 oyi davomida 160 murojaatlar kelib tushdi.
Fuqarolar murojaatlari asosida amalga oshirilgan ishlar “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amaliyotga tatbiq etishga yo‘naltirildi. “Ishonch telefoni” tajribalari asosida Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunni ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq qonunning mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish bo‘yicha tadbirlar, hududlarning sanitar-epidemiologik holatini o‘rganishga qaratilgan reydlar tashkil etildi.
Ekoharakat hisobot davrida mamlakatimizning etakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdek ezgu an’analarga sodiq qoldi. Faqatgina 2014 yil davomida teleradio kanallar orqali 1140 dan ortiq materiallar efirga uzatildi. Bosma ommaviy axborot vositalarida esa Ekoharakat va uning maqsad va vazifalari yo‘nalishida 1593 ta xabar va maqolalar e’lon qilindi. 2015 yilning birinchi yarim yilligida teleradiokanallar orqali 645 ta, bosa OAV orqali 512 ta chiqishlar qilindi.
Ekoharakatning www.eco.uz veb-saytiga o‘zbek va rus tillarida 2014 yilda 630 ta 2015 yilning birinchi yarmi yilligida 343 ta materiallar joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab quvvatlash Jamoat fondining “Surxondaryo viloyatining ekologik nomaqbul hududlarida bolalar sog‘ligi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish” ijtimoiy buyurtmasini Surxondaryo viloyatining “Tojikiston alyuminiy kompaniyasi” davlat unitar korxonasi sanoat tashlanmalari ta’siridagi ekologik nomaqbul Sariosiyo, Uzun va Denov tumanlarida amalga oshirdi.
Ijtimoiy buyurtma doirasida ixtisoslashtirilgan tibbiy ilmiy-tekshirish institutlari mutaxassislarini jalb etgan holda 150 dan ortiq bemor ayol va bolalarni malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tashxis qo‘yish va ularni davolash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlarining asosiy energiya ta’minotidan yiroqda bo‘lgan qishloq vrachlik punktlarida energiya ta’minoti uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari, ya’ni, quyosh stantsiyalari va kollektorlari o‘rnatildi hamda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davolash uchun zarur bo‘lgan tibbiy anjomlar bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash masalalari bo‘yicha axborot-uslubiy materiallar nashr etilib qishloq vrachlik punktlariga topshirildi.
Ekoharakatning Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hududiy bo‘ilinmalari tomonidan Jamoat fondining mamlakatimizda ekoturizmni rivojlantirish, yoshlarni tarixiy va tabiiy yodgorliklarni muhofaza qilishga jalb etish, ekojurnalistika rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan grant loyihalari amalga oshirildi
Hisobot davrida Ekoharakat “Yoshlar qanoti” faoliyati yanada jonlandi. «O‘zbekiston Respublikasida 2015 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar DASTURI»ni ijrosi yuzasidan yoshlarning ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirish maqsadida isrohat bog‘lari, dam olish maskanlari, suv havzalari va boshqa jamoat joylarini ozoda saqlashga qaratilgan “Yurtimizni obod qilaylik!” shiori ostida qator amaliy tadbirlar tashkil etildi.
Ushbu yo‘nalishda 2015 yilning birinchi yarim yilligida o‘tkazilgan 60 dan ortiq tadbirlarda11 000 ga yaqin yoshlar faol ishtirok etishdi.
2014 yil hamda 2015 yil birinchi yarim yillik yakunlari tahlili O‘zbekiston ekologik harakati o‘z dasturiy maqsad va vazifalari yo‘nalishidagi faoliyatda sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritganligini ko‘rsatib turibdi. Muhimi, o‘tkazilgan tadbirlar mazmun jihatidan boy va sermahsul bo‘lib, ularning samaradorligini birmuncha oshirishga erishildi. Eng asosiysi, hisobot davrida Ekoharakat faoliyatida atrof muhit muhofazasi va aholi salomatligini mustahkamlash yo‘nalishidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish, ekologik masalalarda halqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida muvaffaqiyatlar bosqichi bo‘lganligi yig‘ilishda alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Ekoharakat tomonidan Parlament komissiyasigajoylarda hududiy bo‘linmalar faoliyatini kuchaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, joylardagi lokal ekologik muammolarni samarali hal etishda hududiy bo‘linmalar imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Yig‘ilishda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida tegishli qaror qabul qilindi.