Po‘lat izlar – muhim strategik tarmoq
2015-07-27
Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining joriy yil birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati yakunlari va kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida temir yo‘llar iqtisodiy integratsiya jarayonlarini jadallashtirish, mamlakatimiz salohiyatini yuksaltirish va xalq farovonligini ta’minlashda muhim strategik tarmoqqa aylandi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilashni jadallashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda tarmoqda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida po‘lat izlar orqali tashilgan yuk hajmi yanada ko‘payib, 33,3 million tonnani tashkil etdi.
Yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarning ishonchli va xavfsiz qatnovini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida temir yo‘l xizmatidan foydalangan yo‘lovchilar qariyb 11 millionga yetdi.
Sanoat korxonalarida 204,4 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yaratilgan yangi ish o‘rinlari 200 dan oshdi.
Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishi, Maroqand-Qarshi, Qarshi-Termiz, Samarqand-Buxoro temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, yuk va yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, lokomotivlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalari uchun 344,7 million dollar mablag‘ o‘zlashtirildi.
– Dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikda joylashgan Qamchiq dovoni bo‘ylab qurilayotgan Angren-Pop yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasidagi bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilmoqda, – deydi Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishi loyiha rahbari Navro‘z Erkinov. – Loyihaga ko‘ra, ushbu ulkan qurilish obyektida jami 43 million kub metr tuproq, 16,3 million kub metr burg‘ulash ishlari bajarilishi, 19,1 kilometrlik tunnel, 285 cuv va 6 yo‘l o‘tkazgich, 13 temir yo‘l ko‘prigi, 6 stansiya va 2 vokzal bunyod etilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kungacha tuproq va burg‘ulash ishlari bajarilib, suv va yo‘l o‘tkazish inshootlari, ko‘priklar qurilishi tugallandi, “Orzu” vokzali, “Ko‘l”, “Temiryo‘lobod”, “Qo‘shminor” stansiyalari qurib bitkazildi.
Maroqand-Qarshi temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish loyihasiga malakali ishchilar va zamonaviy texnika vositalari jalb qilinib, qurilayotgan obyektlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va elektr energiya sarfini hisoblash tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
291 kilometrlik Samarqand-Buxoro temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlari ham boshlab yuborilgan bo‘lib, 4 navbatchilik punkti va 3 kichik elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.
Mahalliylashtirish dasturi asosida aloqa tarmoqlarini qurish uchun zarur butlovchi qismlarning asosiy qismi yurtimizda ishlab chiqarilmoqda. Bu qurilish xarajatlarini kamaytirib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkon yaratmoqda.
Matbuot anjumanida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham atroflicha ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.