Keksalarni madh etib
2015-02-26
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatrida Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan “Otam – suyanchig‘im, onam – mehr bulog‘i” deb nomlangan tanlov bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan tanlovda 80 nafar iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.
– Tanlov yoshlarda ota-onaga, ustozga, keksalarga hurmat va mehr-muhabbat tuyg‘ularini kuchaytirish, ularni ulug‘lashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bo‘lim boshlig‘i O.Seyitov. – Uning tuman va shahar bosqichlarida 850 dan ziyod yoshlar bu boradagi o‘z iqtidorini namoyish etdi.
Har bir ishtirokchining ota-ona, ustoz va yoshi ulug‘ insonlar, ularning ibrat va fazilatlari madh etilgan qo‘shiqlari hay’at tomonidan baholab borildi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatri aktyori, xonanda Bayram Perdeboyevning “Ota-ona” qo‘shig‘i birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘ringa O‘zbekiston badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi xonandasi Sarsenbek Jetkerboyev va Amudaryo tumani madaniyat va aholi dam olish markazi badiiy rahbari Murod Ibrohimovning ijrolari munosib ko‘rildi. Uchinchi o‘rin Nukus madaniyat va san’at kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Gulchinor Xudoybergenova, duet ijrochilari – nukuslik Sulton O‘razimbetov va Omoniyoz Jangaboyevga, Shumanay tumani madaniyat va aholi dam olish markazining “G‘ulpaq” ashula va raqs xalq ansambli badiiy rahbari Bozorxon O‘rozboyevaga berildi.
G‘oliblar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.