Parlament nazorati kuchaytirilmoqda

2016-06-17

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasi hamda yuqori palataning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo’mitasi tomonidan “Mustaqillik yillarida parlament nazoratini takomillashtirish masalalari: qonunlar va davlat dasturlarining ijrosini ta'minlashda deputatlar hamda senatorlarning roli” mavzuida seminar tashkil etildi.

Parlament a'zolari, sud-huquq tizimi, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan mazkur tadbirda O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng qonun chiqaruvchi hokimiyat tubdan isloh qilingani, milliy parlament faoliyatining mustahkam huquqiy asosi yaratilgani qayd etildi. Izchil islohotlar natijasida ikki palatali professional parlament shakllantirildi.

Oliy qonun chiqaruvchi organ faoliyatini demokratlashtirish, huquqiy asoslarini takomillashtirish -jarayonida davlat hokimiyati organlari tizimida parlamentning roli va ahamiyati sezilarli darajada yuksaldi. Jumladan, 2014 yili O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga parlament nazorati insti-tutini konstitutsiyaviy mustahkamlashga, qonun chiqaruvchi hokimiyatning nazorat qilish vazifalarini yanada kengaytirishga, qonun hujjatlari ijrosini ta'minlashda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan tuzatishlar kiritildi.

Bugun parlament davlat hokimiyati organlari orasida o’zaro muvozanat hamda tiyib turish tizimini saqlashda muhim rol o’ynamoqda. Bunda parlamentning nafaqat qonun ijodkorligi, balki davlat organlari faoliyati ustidan nazorat qilish bilan bog’liq vazifalarini alohida qayd etish zarur.

Joriy yilda kuchga kirgan “Parlament nazorati to’g’risida”gi Qonun ham parlament faoliyatida muhim voqyea bo’ldi. Mazkur Qonun Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo’yicha faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining parlament oldidagi javobgarligini kuchaytirish imkonini beradigan qo’shimcha mexanizmlarni joriy etishga xizmat qilmoqda.

Qonun Konstitutsiya hamda qonunlar talablarining ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning yagona bir tizimga solingan qonunchilik bazasini yaratib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mas'uliyatini yanada kuchaytirdi. Ushbu huquqiy hujjatda parlament nazorati sub'yektlari hamda ob'yektlari aniq belgilab berildi, uning shakllari mustahkamlab qo’yildi, parlament nazorati natijalari yuzasidan ko’riladigan chora-tadbirlar, uning natijalari bo’yicha ish yuritish mexanizmlari tartibga solindi.

Tadbirda Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo’yicha faoliyatini yanada takomillashtirish davlat hokimiyati organlari tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, qonuniylik, qonun ustuvorligini, Konstitutsiya va qonunlar ijrosini ta'minlash, davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlarining o’z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan javobgarligini oshirish bilan bog’liq ekanligi qayd etildi. Binobarin, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, yangi konstitutsiyaviy sharoitda parlament eshituvlari, hukumat a'zolari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining qonunchilik talablari ijrosi bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar to’g’risidagi hisobоtlarini tizimli ravishda eshitib borish, deputatlarning so’rovlariga atroflicha javob qaytarishni ta'minlash parlament-ning kundalik ishi bo’lmog’i zarur.

Seminar ishtirokchilari parlament so’rovini yuborishning nazariy-huquqiy jihatlari, parlament nazoratini olib borishda deputat va senatorlarning rolini oshirish, ular tomonidan davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari mansabdor shaxslariga so’rovlar yuborish xususiyatlari, sohada to’plangan milliy va chet el tajribasi to’g’risida fikr-mulohazalar bildirdilar.

Tadbirda parlament nazoratini amalga oshirish sohasidagi qonun hujjatlari hamda huquqni qo’llash amaliyotini yanada takomillashtirish, parlamentning bu boradagi faoliyati samaradorligini oshirish bo’yicha bir qator takliflar aytib o’tildi.

Manba: “Jahon” axborot agentligi