Tayyor mahsulot ishlab chiqarishda samarador usul
2016-02-28
O’zbekiston Prezidenti rahnamoligida mahalliylashtirish dasturlari amalga oshirib kelinayotgan keyingi 15 yilda import o’rnini bosuvchi mahsulotlar hajmi 220 barobardan oshgan.
O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida «Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish - iqtisodiy o’sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o’zgartirishning eng muhim omillari» mavzuida o’tkazilgan matbuot anjumanida bu alohida ta'kidlandi, deb xabar beradi O’zbekiston Milliy axborot agentligi.
2015 yilda 696 mahalliylashtirish loyihasi doirasida ishlab chiqarish hajmi 4 trillion so’mni, import o’rnini qoplash samaradorligi 1,5 milliard dollarni tashkil etgan. Neft va kimyo asbob-uskunalari, transformator nimstansiyalari, shaxta uskunalari, kompressor agregatlari ehtiyot qismlari, svetodiod yoritgichlar, kompozit materiallar kabi 820 turdagi mahsulot ishlab chiqarish o’zlashtirilgan.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobidan so’nggi ikki yilda yuzga yaqin tovar guruhlari bo’yicha import to’xtatilgan. 306 pozitsiya bo’yicha import hajmi ikki barobardan ortiq qisqartirilgan.
Yetakchi iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida ichki bozordan sotib olish hajmi ortmoqda. «MAN», «CLASS», «Lemken», «Toshiba», «Candy», «LG», «Samsung» kabi kompaniyalar bilan yo’lga qo’yilgan hamkorlik bu borada muhim rol o’ynamoqda.
Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi ichki talabni rag’batlantirish, tarmoqlararo va tarmoqlar ichida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda qo’shimcha tender o’tkazmasdan mahalliy mahsulotlarni sotib olish imkoniyatini yaratmoqda. 2015 yilda o’tkazilgan yarmarka natijasiga ko’ra, joriy yilda 2,1 trillion so’m hajmdagi avval import qilingan tovarlarni ishlab chiqarishni o’zlashtirish va yetkazib berish bo’yicha shartnomalar tuzilgan. Bu 2016 yilda yetakchi iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida import hajmini 637,5 million dollarga qisqartirilishini ta'minlaydi.
So’nggi yillarda ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar bilan boyitish qatorida mahalliylashtirilgan mahsulotlarni eksport qilish hajmi ortmoqda. 2015 yilda bir va ikki kamerali kir yuvish mashinalari, energiya tejovchi lampalar, ishlov berilgan rezina profillari, kosmetik vositalar va boshqa xildagi, jami, 52 turdagi yangi mahsulot eksport qilingan.
- Mahalliylashtirish ko’lamini yanada kengaytirish, tadbirkorlik sub'yektlarining bu boradagi xabardorligini oshirish maqsadida www.mineconomy.uz/local internet manzilida ichki va tashqi bozorda yuqori talabga ega bo’lgan mahsulotlar ro’yxati chop etilmoqda, - deydi O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bo’lim mudiri F.Rahmatov. - Bu tadbirkorlarimizga mahalliylashtirish dasturi qulayliklaridan foydalangan holda mamlakatimizda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishi uchun muhim qulaylik bo’lib xizmat qilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob qaytarildi.
Manba: “Jahon” axborot agentligi