Deputatlar Ombudsman hisobotini eshitdilar

2016-02-17

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2015-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar.

Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlab siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining majlislarida muhokama etilib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan edi.

Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili hisobot bilan so‘zga chiqdi.

Davlatimiz rahbari yangi chaqiriqdagi parlamentning qo‘shma majlisida alohida ta’kidlagan edilarki, konstitutsiyaviy islohotlardan kelib chiqqan holda, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan, qabul qilinayotgan qonunlar, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlanishning eng muhim davlat dasturlari so‘zsiz ijro etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis palatalarining va birinchi navbatda, fraksiyalar va deputatlar guruhlarining ishlari sifat jihatidan yangicha asosda tashkil etilishi kerak.

Ta’kidlandiki, inson huquqlari to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko‘maklashish, ularga rioya etilishi monitoringini amalga oshirish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholining va davlat organlari vakillarining huquqiy ongi va xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish hisobot yilida Ombudsman faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘ldi.

Faoliyat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘mitalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan yaqin hamkorlikda olib borildi. Ombudsman, shuningdek, parlamentning nazorat-tahlil tadbirlarida ishtirok etdi. Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda ishtirok etish, amnistiya akti qo‘llanilishini monitoring qilish Ombudsman va uning hududiy vakillari faoliyatida alohida o‘rin tutdi.

Ombudsmanning fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha faoliyati «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi hamda «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunlar normalariga qat’iy muvofiqlikda amalga oshirildi. Fuqarolar Ombudsmanga umumiy va elektron pochta orqali, shuningdek, «ishonch telefoni» orqali, shaxsan qabul qilish va joylardagi uchrashuvlar davomida murojaat etdilar.

Aholining huquqiy madaniyatini va mansabdor shaxslarning habardorligini oshirish maqsadida Ombudsman hisobot yilida bir qator axborot-ma’rifiy tadbirlar – seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, konferensiyalar o‘tkazdi, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarni tashkil etdi, noshirlik faoliyatida ishtirok etdi.

Ombudsmanning xalqaro hamkorligini rivojlantirish xorijiy hamkorlar bilan ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama asosdagi aloqalarni kengaytirish yo‘li bilan amalga oshirildi.

Savol-javoblardan keyin Ombudsman hisobotining batafsil muhokamasi bo‘lib o‘tdi, muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari Ombudsmanga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlari va fermerlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash masalalariga katta e’tibor qaratishni taklif etdilar.

Deputatlar iqtisodiyotning real sektori vakillarining huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi aholining turmush darajasini yanada oshirish, aholi bandligini ta’minlash uchun dolzarb masala ekanligini hisobga olib, ushbu masalani tez-tez o‘rganish va monitoringini o‘tkazib turish zaruratini ta’kidlab o‘tdilar.

Fraksiya a’zolari, shuningdek, parlament qo‘mitalari bilan hamkorlik shakllari va uslublarini takomillashtirish, tegishli axborotni muntazam ravishda almashishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritdilar. Huquqiy ta’limni yaxshilash, jamiyatda huquqiy bilimlarni mustahkamlash bo‘yicha tushuntirish tadbirlarini muntazam asosda o‘tkazish muhimdir.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar Saylovoldi platformasi maqsadlaridan va partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda, qonun hujjatlarini va, umuman, qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida qo‘mitalarning nazorat-tahlil faoliyatida Ombudsman yanada faol ishtirok etishi kerakligini qayd etdilar.

Bunda fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlangan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlarni kuchaytirish zarurati ta’kidlab o‘tildi.

Fraksiya a’zollari, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar huquqlarini, milliy xunarmandchilikni, oilaviy tadbirkorlikni, onalik va bolalikni himoya qilish, Ombudsman hududiy vakillari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash yuzasidan Ombudsman faoliyatini yanada kuchaytirish borasida fikr bildirdilar. Ushbu vazifalarni bajarishda Inson huquqlari bo‘yicha vakilning mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini kuchaytirish zarur ekanligi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, pensionerlar va nogironlar, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasi bilan shug‘ullanuvchi byudjet tashkilotlari xodimlari, ijtimoiy soha vakillari manfaatlarini himoya qilishda faol ishtirok etishini o‘zlarining eng muhim vazifasi deb hisoblashlarini bayon etdilar.

Bu borada o‘tgan davrda fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muhim demokratik institutga aylangan Inson huquqlari bo‘yicha vakilning faoliyati dolzarb ahamiyat kasb etadi. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida davlat hokimiyati organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Majlisda Inson huquqlari bo‘yicha vakil va uning hududiy vakillari nomiga kelib tushgan fuqarolarning murojaatlari tahliliga ham alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklarini ta’minlash ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish, ularning buzilishi ehtimoli sabablarini aniqlash bo‘yicha yaqin hamkorlik qilish deputatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalarining kelgusidagi qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari o‘z Saylovoldi dasturlaridan kelib chiqqan holda, davlat fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini himoya qilishning ishonchli kafolati bo‘lishi kerakligini ta’kidlab o‘tdilar. Birinchi navbatda, ijtimoiy adolatni ta’minlash, har bir insonning mehnat qilish, ishni erkin tanlash, malakali tibbiy xizmat va ta’lim olishga bo‘lgan huquqini amalga oshirish, qulay turmush sharoitlarini yaratish bo‘yicha ishlarni yanada takomillashtirish zarur.

Shu bilan birga, fraksiya vakillari hisobot yilida kelib tushgan takroriy murojaatlarning soniga e’tibor qaratdilar. Shu sababli Ombudsmanga davlat organlari va boshqa organlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash orqali shu kabi murojaatlarning sonini qisqartirishga erishish taklif etildi. Bu davlat tuzilmalari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a’zolari fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilish masalalariga Ombudsman e’tiborni kuchaytirishi yuzasidan fikr bildirdilar.

Xususan, ular O‘zbekistonning noqulay ekologik hududlarida aholining sog‘lig‘ini va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringini ko‘proq o‘tkazishni, O‘zbekiston Ekologik harakati tomonidan o‘tkaziladigan tabiatni muhofaza qilishga doir tadbirlarda ishtirok etishni tavsiya etdilar.

Har tomonlama muhokama qilish davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2015-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ma’qulladilar va tegishli qaror qabul qildilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi o‘zining vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.

Manba: O'zA