2015 yanvar-dekabr oylarida respublikada oziq-ovqat sanoatining rivojlanishi yakunlari
2016-01-20
Real sektor korxonalarida ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni rag`batlantirish hamda qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishning o`sishini ta`minladi.
2015 yilning yanvar-dekabr oylarida oziq-ovqat sanoatida ishlab chiqarish umumiy hajmi 16729,2 mlrd.so`mni, o`sish sur`ati esa o`tgan yilga nisbatan 114,4%ni tashkil etdi. Tarmoqning respublika sanoat ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi 2014 yilning yanvar-dekabridagi – 17,1%dan 18,2%ga yetdi.
2014 yilga nisbatan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi shakar sanoatida – 23,7%ga, meva va sabzavot sanoatida – 17,9%ga, go`sht va sut sanoatida – 5,7%ga, yog` va moy sanoatida –3,7%ga o`sgani kuzatildi.
Hisobot davrida, o`tgan yilning tegishli davriga nisbatan, tarmoqning yirik korxonalari tomonidan ishlab chiqarish hajmlari quyidagi mahsulot turlari bo`yicha oshirildi: go`sht konservalari – 8,0 martaga, go`sht va o`simlik konservalari – 2,0 martaga, shinni (melassa) – 40,9%ga, margarin va spredlar – 16,5%ga, marmelad, jele – 20,2%ga, uzoq saqlanmaydigan qandolat mahsulotlari – 17,8%ga, shakar – 16,3%ga, uzoq saqlanmaydigan boshqa non mahsulotlari – 14,0%ga, ishlov berilgan suyuq sut – 11,4%ga, saryog` – 7,9%ga, bug`doy noni – 6,3%ga.
Shuningdek, 2014 yilga nisbatan, spirt nastoykalari (113,4%), pivo (105,3%) ishlab chiqarish hajmi oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi Toshkent shahri (tarmoqning umumiy hajmidagi ulushi 22,2%), Toshkent (18,2%), Samarqand (13,4%) va Farg`ona (6,5%) viloyatlari korxonalari hissasiga to`g`ri kelmoqda.
Tarmoqdagi kichik tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmining 2014 yilning shu davriga nisbatan 14,3%ga oshishi ta`minlandi, hamda ularning oziq-ovqat sanoati jami hajmidagi ulushi 69,0 %ni tashkil etdi.
2015 yilda respublikada 1501ta oziq-ovqat sanoati korxonalari yangidan tashkil qilingan, 2016 yil 1 yanvar xolatiga respublikada tarmoqning 8711 ta korxonasi faoliyat ko`rsatmoqda.