Natijalar va kelgusi vazifalar tahlili
Toshkent viloyatida 2015 yilning to‘qqiz oyida Mahalliylashtirish dasturi doirasida 88,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 3,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Joriy yilning 9 oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan Toshkent viloyati faollari yig‘ilishida bu alohida ta’kidlandi.
Viloyat hokimi A.Usmonov boshqargan yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlariqatnashdi.
Hisobot davrida viloyatda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlandi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur’ati 7,2 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,8, qishloq xo‘jaligi 5,3, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 12,8, chakana savdo aylanmasi 15,7, pullik xizmatlar ko‘rsatish 12,2 foizga o‘sdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularga erkinlik berish va rivojlantirish yo‘lida uchrayotgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida mazkur sektorning yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi 61,2 foizga yetdi.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 71 respublika va mahalliy tasarrufdagi yirik sanoat korxonalari tomonidan 9,7 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Kichik sanoat korxonalari tomonidan 2,3 trillion so‘mlik tovarlar tayyorlandi.
2015-2016-yillar kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish hamda qish-bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va kommunal soha, uy-joy fondining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi hamda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yil oxiriga qadar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, sanoat korxonalari yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash dasturi parametrlarini bajarish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda shu yilning o‘tgan davrida erishilgan ijobiy ko‘rsatkichlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar ham qayd etildi, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Toshkent viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.