2013 - 2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

2013 - 2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida


(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013 y., 16-son, 216-modda)
Qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal va muvozanatlashgan tarzda rivojlantirish, qishloq aholisining zamonaviy yuqori texnologik va bozor xizmat turlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, buning asosida yangi ish joylarini yaratish va aholi daromadlari oshirilishini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan quyidagilarni o‘z ichiga olgan 2013 — 2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasining qishloq joylarida xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada jadal rivojlantirish Dasturi ma’qullansin:
2013 — 2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirishning asosiy xizmat turlari va hududlar bo‘yicha maqsadli parametrlari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq;
*1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2013 — 2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada rivojlantirish va o‘sish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi 3-ilovaga* muvofiq.
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. 2013 — 2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasining qishloq joylarida xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada jadal rivojlantirish Dasturining bajarilishini monitoring qilish bo‘yicha Ishchi guruh 4-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
*4-ilova berilmaydi.
Ishchi guruh (G.K. Saidova) mazkur qaror bilan tasdiqlangan Dasturning amalga oshirilishi ustidan tizimli asosda nazorat o‘rnatilishini va har yili, yarim yillik va umuman yil yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishlarida ko‘rib chiqish uchun belgilangan vazifalar va parametrlarning so‘zsiz bajarilishi bo‘yicha aniq takliflar bilan tahliliy materiallar kiritilishini ta’minlasin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda, hududlarning salohiyati va imkoniyatlaridan imkon qadar to‘liq foydalangan holda xizmat ko‘rsatish sohasini kompleks ravishda jadal va muvozanatlashgan rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 2013 — 2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish hududiy dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari doimiy asosda:
xizmat ko‘rsatish va servis sohasi ob’ektlarini barpo etish uchun qishloq aholi punktlaridagi davlat mulki bo‘lgan va foydalanilmayotgan binolar va xonalarni tadbirkorlik sub’ektlariga berishni;
«bir oyna» tartibi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlarini barpo etish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga er uchastkalari ajratib berilishini va bunda hududlarni qurishning bosh rejalariga muvofiq loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda ko‘maklashishni tezlashtirilgan holda xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlarini muhandislik kommunikatsiyalariga hamda ishlab chiqarish infratuzilmasiga ulashni ta’minlasin.
4. Belgilansinki, qishloq joylardagi davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan binolar va xonalar xizmat ko‘rsatish va servis sohasidagi korxonalar hamda ob’ektlarni tashkil etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga quyidagi shartlarda beriladi:
2013 — 2016 yillar davrida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli koeffitsientlarni qo‘llamagan holda davlatning ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining minimal stavkasi bo‘yicha ijaraga berish;
davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolarini o‘tkazuvchi Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilgan holda nulinchi xarid qiymati bo‘yicha sotish.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq, 2013 — 2016 yillar davrida o‘z vaqtida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘laydigan, soliq va statistika organlariga hisobotlarni topshiradigan, shuningdek o‘sish va rentabellikning barqaror sur’atlarini ta’minlaydigan qishloq joylarda xizmatlar ko‘rsatadigan kichik tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvlardan xoli etiladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Iqtisodiyot vazirligining 2013 — 2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarning hududlar va tijorat banklari bo‘yicha prognoz hajmlari to‘g‘risidagi takliflari 5 va 5a-ilovalariga* muvofiq ma’qullansin.
*5 va 5a-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasi ikki oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda qishloq turistik yo‘nalishlarida yo‘l bo‘yidagi infratuzilma va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlarini qurish uchun tayyor tortib keltirilgan muhandislik kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan er uchastkalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin va ularning tadbirkorlik sub’ektlariga tanlov asosida ajratib berilishini ta’minlasin;
ekologik, tibbiy-sog‘lomlashtirish, sport turizmi, shuningdek yakka tartibdagi qishloq mehmonxona uylari negizida agroturizmni o‘z ichiga olgan zamonaviy turistik xizmatlar turlarini ustuvor rivojlantirish zonalarini belgilasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi:
bir oy muddatda turistlarga servis xizmati ko‘rsatish uchun yo‘l bo‘yidagi infratuzilma majmuasi qurilishi bo‘yicha me’moriy-rejalashtirish talablarini ishlab chiqsin, bunda qurilish uchun maxsus ajratilgan hududda ularni ixcham joylashtirishni, shuningdek har bir majmuaning loyihasi va tashqi arxitektura ko‘rinishining o‘ziga xosligi va xilma-xilligini ta’minlasin;
turistlarga servis xizmati ko‘rsatish uchun yo‘l bo‘yidagi infratuzilma ob’ektlarining loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishni, shuningdek qurilish-montaj ishlarining sifatini belgilangan tartibda tizimli nazorat qilishni ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2012 — 2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida» 2012 yil 10 maydagi PQ-1754-sonli qarorining 5-ilovasiga qo‘shimchalar 6-ilovaga* muvofiq kiritilsin.
*6-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV


Toshkent sh.,
2013 yil 17 aprelь,
PQ-1957-son

Dasturni yuklab olish