Ustuvor vazifalar muhokamasi

Sirdaryoda 2015 yilning 9 oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi O.Ashurmatov boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, unda viloyat,tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari qatnashdi.

Yilning to‘qqiz oyida viloyatda amalga oshirilgan islohotlar natijalari tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimizning 2015-yil 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasidabelgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlari vazifalari ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Hisobot davrida viloyat yalpi hududiy mahsuloti 2 trillion 66 milliard so‘mni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 8,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 7,4, qurilish-pudrat ishlari 1,3, chakana tovar aylanmasi 20,4, jami xizmatlar 15,7, hududiy eksport hajmi 13,1 foiz o‘sdi. Yalpi hududiy mahsulot hajmida kichik biznesning ulushi 73,7, xizmatlar ulushi esa 33,6 foizga yetdi.

Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar hissasi tobora ortib bormoqda. 2015-yil 9 oyida xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 68 taga yetdi. Ular tomonidan qariyb 204,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi hamda 36 million dollarlik eksport amalga oshirildi. 123 sanoat korxonasi tashkil etilib, ularning soni 1 ming126 taga yetdi. Ushbu korxonalar tomonidan joriy yilning 9 oyida 914 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik imkoniyatlari ko‘lamini kengaytirish, ularning faoliyatiga g‘ov bo‘layotgan to‘siqlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida joriy yilning o‘tgan davrida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning o‘sish sur’atlari ta’minlangani qayd etildi. Kichik biznesni yanada rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani tufayli 716 kichik biznes subyekti tashkil etilib, ularning soni 7 ming 222 taga yetdi.

Mahalliylashtirish dasturiga asosan yil yakuniga qadar 9, qishloq xo‘jaligi sohasida 35 loyihani amalga oshirish yuzasidan belgilangan ishlarni tezlashtirish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning joriy yil 7-iyuldagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan viloyat ijtimoiy muassasalari va xalq xo‘jaligi inshootlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish masalalari ham muhokama qilindi.

Sirdaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev so‘zga chiqdi.