“Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi ijrosi yuzasidan tadbir o‘tkazildi

2015 yilning 10-may kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi “Behizor” mahallasida 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan hamda “Keksalarini e’zozlash yili” davlat dasturi ijrosi yuzasidan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston ekologik harakati, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi va Yashnobod tuman “Behizor” mahallasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston ekologik harakati faollari, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlari, tuman hokimligi mutaxassislari, shu mahallada istiqomat qiluvchi yoshi ulug‘ kishilar, mahalla ahli va OAV xodimlari qatnashdilar.

E’tirof etish joizki, istiqlol yillarida mamlakatimizda keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlik, hurmat-ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish ma’naviy xayotimizning tom ma’noda ajralmas qismiga aylangan. Binobarin, har qanday jamiyatning yoshi ulug‘ odamlariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rligi uning madaniy darajasini belgilab beradi.

Qayd etish joizki, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturidan bugungi kunda keksa avlod vakillarini e’zozlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarda mehr-muruvvat, e’zoz, qadr, ehtirom ko‘ratish kabi ezgu an’analar o‘z aksini topgan. Zero, yuksak ehtirom va cheksiz mehrimizga sazovor zotlar bu yoshi ulug‘ otaxonu-onaxonlarimizdir. Keksalarni e’zozlash, ularning hayot tajribalarini o‘rganish, keksalik davrlarini farovon, kunlarini shodumon etish bizning asosiy insoniylik burchimizdir.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar keksalar e’zozlangan yurtda mehr-oqibat, qut-baraka, tinchlik-xotirjamlik bo‘lishi va mamlakatimiz yosh avlodini sog‘lom, barkamol bo‘lib ulg‘ayishida borasida mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbir doirasida keksa avlod vakillariga mehr-muruvvat ulashish maqsadida shinam dasturxon tashkil etildi. Nuroniylar bugungi dorulomon kunlar sharafiga duoga qo‘l ochdilar. Taniqli xonandalarning badiiy chiqishlari bayram ko‘rkiga o‘zgacha tarovat ulashdi.

Tadbir so‘ngida nuroniy otaxonu-onaxonlarga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.


O‘zbekiston ekologik harakati
Matbuot xizmati