Natijalar salmoqli, vazifalar ulkan
Samarqandda 2015 yilning to‘qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Z.Mirzayev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, unda viloyat,tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari rahbarlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari qatnashdi.
Yilning to‘qqiz oyida viloyatda amalga oshirilgan islohotlar natijalari tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimizning 2015-yil 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasidabelgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlari vazifalari ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Hisobot davrida viloyat yalpi hududiy mahsuloti 8 trillion 197 milliard so‘m yoki 110,4 foizni tashkil etib, belgilangan prognoz ortig‘i bilan bajarildi. Bunda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 114, chakana tovar aylanmasi 114, qurilish-pudrat ishlari 113 hamda yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari 106 foizni tashkil etdi.
Bugungi kunda viloyatdagi band aholining 83 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida mehnat qilmoqda. O‘tgan davrda mazkur soha subyektlariga moliyaviy yordam berish maqsadida 766 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ulushi 83,7 foizga yetdi. Soha subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar samarasida tadbirkorlar safi tobora kengayib, ular tomonidan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, xizmatlar ko‘rsatilayotir.
Iqtisodiyotga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 2 trillion 52 milliard so‘mni tashkil etdi. Sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi negizida 297 loyiha amalga oshirildi va 6108 ish o‘rni yaratildi. Umuman, shu davrda bandlik dasturi doirasida 72 ming 650 yangi ish o‘rni yaratilib, belgilangan reja 101,4 foizga bajarildi. Yangi ish o‘rinlarining 59 mingtasi qishloq joylariga to‘g‘ri keldi.
Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham atroflicha tahlil etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi. Ikki yirik korxonada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi kamayishiga yo‘l qo‘yilgan, to‘rt korxonada belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmagan. Viloyatda gazlama, tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlari, paypoq, charm-poyabzal, galantereya buyumlari va xo‘jalik tovarlari ishlab chiqarish borasida istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilayotgan bir paytda ayrim tumanlarda ushbu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish sust kechmoqda.
Majlisda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar ham keng muhokama etilib, ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni qisqa fursatlarda bajarish zarurligi ta’kidlandi.
Samarqand viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.