Muhim vazifalar belgilandi
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar yuksak samaralar bermoqda. Qashqadaryo viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar buning yorqin tasdig‘idir.
Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 309 yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi. Ayni paytda faoliyat yuritayotgan 16 mingdan ziyod kichik biznes subyektining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62,2 foizni tashkil etayotir. Kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilib, tijorat banklari tomonidan 7 ming 823 tadbirkorlik subyektiga 585 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi.
Aholi bandligi masalasini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli joriy yilning 9 oyida 66 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilib, ularning 82 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.
Joriy yilning 9 oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida shu va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, unda viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari rahbarlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari qatnashdi.
Asosiy e’tibor Prezidentimizning 2015-yil 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlari vazifalari ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 5, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 3,1, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 8,9, kapital quyilmalar 28,6, pudrat ishlari 11,1, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6, bozor xizmatlari 13,7, pullik xizmatlar 8, chakana savdo aylanmasi 11,9 foizga o‘sdi.
Faol investitsiya siyosati hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, infratuzilmani rivojlantirish yanvar-oktabr oylarida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 3 trillion 747 milliard so‘mdan ziyod investitsiyalarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Korxonalar tomonidan jalb etilgan mablag‘lar jami investitsiyalarning qariyb 49,5 foizini tashkil etmoqda. Investitsiyalarning 70 foizi ishlab chiqarish sohasiga jalb etilgan bo‘lsa, qolgan qismi noishlab chiqarishga sarflandi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar ham muhokama etildi.
Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.