“Keksalarni e’zozlash yili”da axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar

“Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi asosida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan, tizimda amalga oshirilishi nazarda tutilgan chora-tadbirlar doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda keksa avlod vakillariga sifatli aloqa xizmatlarini ko‘rsatish, ularni muhofaza qilishga oid yirik loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

Xususan, 2015-2017 yillar mobaynida mamlakatimizda Idoralararo yaxlit nafaqa ta’minoti axborot tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha “Elektron hukumat” tiziminin rivojlantirish hamda UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Natijada, keksalarni ijtimoiy himoya qilish, nafaqa ta’minoti tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlaridan foydalanishda ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratib beriladi.


Chora-tadbirlar doirasida yoshi ulug‘ insonlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan “Nuroniy” internet-portali ham ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda. “Elektron hukumat” axborot tizimi tarkibida faoliyat ko‘rsatuvchi, keksa yoshli internet foydalanuvchilarini hukumat tomonidan keksalarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, imtiyoz va qulayliklarga oid ma’lumotlar, yangilik va xabarlardan boxabar qiladi. Portal faoliyati doirasida keksa yoshli insonlar uchun ijtimoiy tarmoqni ishga tushirish ham ko‘zda tutilmoqda. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziriligi va uning hududiy boshqarmalari, “Saxovat” hamda “Muruvvat” internat-uylari, keksalarga mo‘ljallangan sanatoriya va sog‘lomlashtirish markazlari, axborot-resurs markazlarini mazkur portalga ulash orqali yagona, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishga qulay platformani yaratish maqsad qilingan.

Mazkur loyiha UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish, “Elektron hukumat” tiziminin rivojlantirish markazlari, shuningdek “O‘zbektelekom” AK ko‘magida, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziriligi, Xalq ta’limi vazirligi, “Nuroniy”, “Mahalla”, “Pensiya” jamg‘armalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, joriy yilda keksa yoshli fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berish va olishga mo‘ljallangan maxsus interaktiv telefon raqamini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, keksa yoshlilar SMS yoki qo‘ng‘iroq qilish orqali ma’lumotlarni olishlari mumkin bo‘ladi. Keksa yoshli fuqarolar so‘rovlariga tezkor javob berish tizimi pensiya yoshidagi yoki imkoniyati cheklangan fuqarolarga bepul xizmatlarni ko‘rsatadi.

1941-1945 yillardagi urushda hamda mehnat frontida ishtirok etgan faxriylarga abonent to‘lovisiz, har oyda mahalliy va xalqaro qo‘ng‘iroqlar uchun 60 daqiqa bepul chiqish qo‘ng‘iroqlari taqdim qilinadi.

Mamlakatimizdagi barcha mobil aloqa opreatorlari, shuningdek “Uzbektelekom” AKga mazkur turdagi tarif rejalarini ishlab chiqib, amalga tatbiq etish, shu bilan birga urush faxriylarini o‘rnatilgan tartibda aloqa tarmoqlariga ulanishlarini tashkil qilish yuzasidan vazifalar berilgan.

Shuningdek, keksalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar doirasida yoshi ulug‘ insonlar oilalariga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, xususan ularga maishiy texnika vositalari bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekiston Pochtasi” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan 1941−1945-yillardagi urush yakunlanganining 70 yilligi, erishilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan o‘zbekistonliklarning qahramonligiga bag‘ishlab pochta markalari va konvertlar chiqarilishi rejalashtirilgan.

Maxsus esdalik konvertlari va pochta markalari joriy yilning may oyida sohaviy dastur bo‘yicha ko‘zda tutilgan 1941−1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tashkillashtirish va o‘tkazish doirasida muomalaga kiritiladi.

“Keksalarni e’zozlash yili”da axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar doirasida UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish, “Elektron hukumat” tiziminin rivojlantirish markazlari “O‘zarxiv” agentligi va “Pensiya” jamg‘armasi bilan hamkorlikda 2015-2018 yillarda nafaqaga chiqayotgan fuqarolar uchun mehnat staji va boshqa zarur arxiv ma’lumotlarini elektron shaklda olish imkonini beradigan sinov loyihasini joriy qilish bo‘yicha choralarni amalga oshiradilar.

“Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, keksa insonlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifatini yanada oshirish, “elektron hukumat” tizimining elementlari, xususan Yagona portal – www.my.gov.uz da ularni muhofaza qilishga oid yangi xizmatlarni joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Xususan, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda:

• Yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklanganlar uchun uy sharoitida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yuzasidan arizalarni elektron ravishda taqdim etishga oid interaktiv xizmatlar;

• Yolg‘iz keksalarni hamda imkoniyati cheklangan insonlarni “Saxovat” hamda “Muruvvat” internat-uylariga joylashtirish yuzasidan ariza yuborish va kerakli hujjatlar ro‘yxatini olish yuzasidan interaktiv xizmat;

• 1941-1945 yillardagi urushda hamda mehnat frontida ishtirok etgan faxriylarni sog‘lomlashtirish sanatoriy-kurortlarga yozdirishning elektron hisobi kompleks dasturi;

• Imkoniyati cheklanganlarni protez-ortopedik buyumlar hamda reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan ta’minlashning avtomatlashtirilgan «Protez» axborot tizimini ishga tushirish.

Mazkur loyihalar UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish, “Elektron hukumat” tiziminin rivojlantirish markazlari tomonidan AKTni rivojlantirish fondining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi. Natijada, keksalarga mo‘ljallangan xizmatlar sifatini yanada oshirish, keksa va imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy ta’minot va muhofaza tizimidagi qulayliklardan samarali foydalanish imkoniyatlari kengayadi.

Uzmobile aloqa operatori joriy yilning 1 mart kuni pensionerlarga mo‘ljallangan “Nuroniy” ijtimoiy tarif rejasini ishga tushirdi. Tarif rejasida kunlik abonent to‘lovi 1,5 tsentni tashkil qiladi. Tarmoq ichidagi suhbatlar uchun bir kalendar oy hisobidan 180 bepul daqiqa taqdim etiladi. Tarmoq ichidagi boshqa suhbatlar uchun daqiqasiga 1tsent, O‘zbekiston bo‘yicha boshqa qo‘ng‘iroqlar uchun bir daqiqalik to‘lov 1,5 tsentni tashkil qiladi. Shuningdek, oylik 30 mb bepul internet trafiki ham taqdim etiladi. Ushbu tarif rejaga ulanish uchun mijoz o‘zining nafaqada ekanini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan kompaniya ofislariga murojaat qilishi lozim.

Muallif: Axborot xizmati