O‘g‘il-qizlarni san’atga oshno etib
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 8-iyuldagi «Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori musiqiy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, musiqa va san’at maktablari faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘tgan davrda ushbu dastur doirasida 278 bolalar musiqa va san’at maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Shu jumladan, 136 maktab yangidan barpo etilib, 142 tasida kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Ular 137 milliard so‘mlik musiqa asboblari, ovoz kuchaytirgich, mebel va zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. V.Uspenskiy va R.Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari ham kapital rekonstruksiya qilinib, eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Maktablarga yetkazib berilgan musiqa asbob-uskunalarini ta’mirlash bo‘yicha hududlarda 14 tayanch bolalar musiqa va san’at maktabi belgilanib, ularda musiqa cholg‘ularini ta’mirlash ustaxonalari tashkil etildi. Ushbu dargohlarda mutaxassislar uchun muntazam o‘quv-seminarlar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildi.
2008-yilda ushbu ta’lim maskanlarida 9 yo‘nalishda bilim berilgan bo‘lsa, bolalarning qiziqishi va hududiy xususiyatlar inobatga olingan holda, o‘quv dasturlariga qo‘shimcha yana to‘rtta – teatr san’ati, tasviriy san’at, amaliy san’at va akademik xonandalik yo‘nalishi kiritildi. Bugungi kunda bolalar musiqa va san’at maktablarida 13 yo‘nalishda 53 ixtisoslik bo‘yicha o‘quvchilarga jahon hamda milliy musiqa sirlari o‘rgatilmoqda.
Bolalar musiqa va san’at maktablarida yaratilgan zamonaviy sharoitlar natijasida ularga o‘quvchilarning qamrovi avvalgiga nisbatan 1,5 barobar ortdi. 2008-yilda bolalar musiqa va san’at maktablarida mamlakat bo‘yicha 38034 o‘quvchi ta’lim olgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 49 foizga oshib, qariyb 55 mingni tashkil etmoqda. Mazkur maktablarda 9622 pedagog o‘z mahoratini navqiron avlodga o‘rgatib kelmoqda.
Bolalarning bilim va mahoratini oshirish, iste’dodini rag‘batlantirish va keng targ‘ib etish maqsadida musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari o‘rtasida ijodiy tanlov va festivallarni o‘tkazish an’anaga aylangan. Jumladan, “Ona yurt ohanglari” xalqaro tanlovi, “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “San’at g‘unchalari” ko‘rik-tanlovlari, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali, “Navro‘z sadolari” milliy cholg‘u ansambl va orkestrlar festivallari yangi iste’dod sohiblarini kashf etishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, 1991-yilda 3 o‘quvchi xalqaro tanlovlarda ishtirok etgan bo‘lsa, 2008-yilda xalqaro tanlovlarda qatnashib sovrinlarni qo‘lga kiritgan o‘g‘il-qizlar 31, 2015-yilda ular safi 105 nafarni tashkil etgan.
– Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida musiqa ta’limini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida har yili o‘nlab yangi iste’dod sohiblari kashf etilayotir, – deydi V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Dildora Jamolova. – Mazkur sohaga taalluqli dasturning hayotga joriy etilishi natijasida bilim maskanimiz nainki yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar havas qilsa arziydigan muhtasham binoda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu maskanda bolalarga fortepyano, torli, damli va zarbli cholg‘ular, xalq cholg‘ulari, an’anaviy xonandalik, estrada va an’anaviy ijrochilik, musiqa nazariyasi, xor dirijyorligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim berilmoqda. O‘tgan davr mobaynida litsey o‘quvchilari ko‘plab xalqaro tanlovlar, festivallar, san’at bayramlarida muvaffaqiyat qozondi. Joriy yilning o‘tgan davrida qirq nafarga yaqin iste’dod sohibi Fransiya, Italiya, Germaniya, Ruminiya, Bolgariya, Xitoy kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Shahzoda Saidova, Latifa G‘afurova, Yulduz Xo‘jayeva, Shahboz Turg‘unov, Anna Do‘stmurodova singari o‘g‘il-qizlarning iste’dodi va ijro mahorati xorijlik hakamlar hay’ati, tomoshabinlar tomonidan yuksak e’tirof etildi.
Litsey o‘quvchisi Inoyatxon Abdullayeva yurtimiz dovrug‘ini xorijda mashhur qilayotgan yoshlardan. Yosh pianinochi Italiya, Ruminiya kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
– Musiqa insonni ezgulikka o‘rgatadi, – deydi Inoyatxon. – Yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tibor sababli men shunday yutuqlarga erishdim.
– Davlatimiz rahbari rahnamoligida bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini takomillashtirish borasidagi islohotlar zamirida o‘g‘il-qizlarning iste’dodini kamol toptirish bilan birga bilimli, teran ma’naviyatli, keng dunyoqarashli avlodni shakllantirishdek olijanob maqsad mujassam, – deydi Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 18-bolalar musiqa va san’at maktabi direktori o‘rinbosari Odina Rahimova. – San’atni yurakdan his etgan, unga bolalikdan oshno bo‘lgan insonning qalbi ezgulikka limmo-lim bo‘ladi. Yaxshi musiqa bolaning badiiy-estetik didi, ma’naviy-axloqiy fazilatlari, dunyoqarashini to‘g‘ri shakllantirishning eng muhim vositasidir.
Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilashga oid Davlat dasturi doirasida ushbu maktab binosi yangidan bunyod etildi. Bu yerda 12 yo‘nalish bo‘yicha bolalarga ta’lim beriladi. Maktab o‘quvchilari mamlakat miqyosidagi tanlovlar bilan birga xalqaro festivallarda ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Maktab o‘g‘il-qizlarining Italiya, Bolgariyada o‘tkazilgan xalqaro tanlovlardagi zafarlari buning amaliy isbotidir.
Bu Prezidentimiz rahnamoligida istiqlol yillarida yuksak ma’naviyatli, sog‘lom, mustaqil va teran tafakkurli, iqtidorli avlodni kamolga yetkazish borasidagi ibratli ishlarning amaliy natijasidir.