2014 — 2018 YILLARDA O‘ZBEKISTONDA AHOLINING REPRODUKTIV SALOMATLIGINI YANADA MUSTAHKAMLASH, ONALAR, BOLALAR VA O‘SMIRLAR SOG‘LIG‘INI MUHOFAZA QILISH BORASIDAGI DAVLAT DASTURI TO‘G‘RISIDA
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
2014 — 2018 YILLARDA O‘ZBEKISTONDA AHOLINING REPRODUKTIV SALOMATLIGINI YANADA MUSTAHKAMLASH, ONALAR, BOLALAR VA O‘SMIRLAR SOG‘LIG‘INI MUHOFAZA QILISH BORASIDAGI DAVLAT DASTURI TO‘G‘RISIDA
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 32-son, 397-modda)
Qayd etib o‘tilsinki, «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish Milliy modelini, «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturini amalga oshirish doirasida respublikada aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida tibbiy yordam ko‘rsatayotgan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyatini kuchaytirishga, zamonaviy tashxis usullarini joriy etish, ayollar, bolalar va o‘smirlar kasalliklarining oldini olish va davolashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayapti.
2009 — 2013 yillarda respublikada homilador va tug‘adigan xotinlarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi 227 ta muassasa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, Andijon, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida zamonaviy perinatal markazlari tashkil etildi, qishloq joylardagi 1,5 mln dan ortiq homilador ayollar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan polivitamin komplekslari bilan ta’minlandi.
Natijada, keyingi 5 yil mobaynida nonormal rivojlangan bolalar tug‘ilishi 1,3 barobarga kamaydi. 6 — 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator virus infektsiyalari bilan kasallanish — 9,7 %ga, pnevmoniya bilan — 49,1 %, bronxit bilan — 32,8%, skolioz bilan kasallanish —32,7 %ga pasaydi.
Shu bilan birga, tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktika va davolash-diagnostika kompleks chora-tadbirlarini yanada kuchaytirish, ayniqsa, qishloq joylarda onalar va bolalar salomatligi patronaj tizimini takomillashtirish, pediatriya va tug‘ruqqa tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash talab etiladi.
«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturini amalga oshirish yuzasidan hamda homilador va tug‘adigan xotinlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish tizimini rivojlantirish va mustahkamlash, o‘sib kelayotgan sog‘lom avlodni kamol toptirishda sog‘liqni saqlash tizimining roli va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha mamlakatimizda doimiy ravishda o‘tkazib kelinayotgan ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish maqsadida:
1. 2014 — 2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha quyidagilarga yo‘naltirilgan Davlat dasturi 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin:
aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimining barcha bosqichlarida onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha sifatli tibbiy xizmatlardan keng va bir xil foydalanishni ta’minlash;
nonormal rivojlangan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish sifatini oshirish, nogiron bolalar va o‘smirlarni sog‘lomlashtirish, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli qatnashishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
tibbiy yordam ko‘rsatishning barcha bosqichlarida, ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘in muassasalarida onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi tibbiy kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
onalar, bolalar va o‘smirlarga malakali, maxsus va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish borasida zamonaviy infratuzilmani yanada rivojlantirish;
aholini onalar, chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlarni parvarishlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlar va dasturlarda ishtirok etishga faol jalb etish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, sog‘lom va ahil oila qurish afzalliklarini targ‘ib qilish;
sog‘liqni saqlashning axborot tizimini takomillashtirish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda idoralararo hamkorlik va faoliyatni muvofiqlashtirish, monitoring qilish va baholash.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, barcha vazirliklar, idoralar va ijro etuvchi tashkilotlar rahbarlari zimmasiga Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2009 yil 13 apreldagi PQ-1096-sonli qarori bilan tashkil etilgan Hukumat komissiyasi O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha Davlat dasturini amalga oshirish Hukumat komissiyasi etib qayta tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Hukumat komissiyasining zimmasiga:
har bir viloyat, tuman va aholi punktida Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek ularning so‘zsiz bajarilishi ustidan muntazam nazorat o‘rnatish va monitoring olib borishni ta’minlash;
aholi, eng avvalo yoshlar orasida tibbiyot va ta’lim muassasalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va Xotin-qizlar qo‘mitasi, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda sog‘lom oilani shakllantirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» maqsadli vazifalarini amalga oshirish doirasida keng targ‘ibot va tushuntirish ishlarini tashkil etish va olib borish;
Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning tizimli, sobitqadam va samarali amalga oshirilishini ta’minlashda barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar va hududiy boshqaruv organlari faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish;
2014 — 2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish Davlat dasturining har bir viloyatda, shahar va tumanlarda bajarilishi holati va uning borishi to‘g‘risidagi hisobotlarni har chorakda tinglash va natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritish vazifasi yuklansin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va Davlat dasturini amalga oshirishda ishtirok etayotgan boshqa tashkilotlar, ikki hafta muddatda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» jamg‘armasi, «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakati bir oy muddatda aholi, ayniqsa nikohdan o‘tadigan ayollar va yoshlar orasida sog‘lom oila qurish, sog‘lom farzandlar tug‘ish va tarbiya qilish masalalari bo‘yicha tizimli asosda tushuntirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarning qo‘shma dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarini, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalarini keng jalb qilgan holda, tasdiqlangan Davlat dasturining maqsad va vazifalarini keng yoritish, uning amalga oshirilishini, tegishli davlat boshqaruvi organlari va uning hududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilishga, o‘sib kelayotgan avlodning jismonan sog‘lom tug‘ilishi va ma’naviy etuk bo‘lib tarbiyalanishiga qo‘shayotgan aniq hissasini muntazam yoritib borishni ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2009 yil 13 apreldagi PQ-1096-sonli qarorining 2-bandi va uning ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014 yil 1 avgust,
PQ-2221-son