Yo‘l ravon – manzil yaqin
Mamlakatimizda zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, muhandislik-infratuzilma obyektlari barpo etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov qaroriga muvofiq qabul qilingan 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturining ijrosi bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ushbu dasturda avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘l va havo transportini yanada rivojlantirish, elektr va suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiyalash, iqtisodiyot tarmoqlariga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar belgilangan.
Mazkur dastur asosida Jizzax viloyati, jumladan, G‘allaorol tumanida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 50 kilometrga yaqin ichki yo‘llar ta’mirlanib, qariyb 2 kilometr yo‘lga asfaltbeton qoplamasi yotqizildi.
Tumanning yirik aholi manzillaridan biri Qorang‘ul qishlog‘idan Jizzax-G‘allaorol yo‘ligacha bo‘lgan 3 kilometrlik yo‘l ta’mirlandi, yaroqsiz holga kelib qolgan 785 metr qismi asfaltbeton bilan qoplandi. Sangzor daryosidan o‘tuvchi ko‘prik o‘tgan yili zamonaviy tarzda qayta qurildi. Ayniqsa, Oqtosh qishlog‘idan Toshkent-Termiz avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 38 kilometr yo‘l joriy ta’mirdan chiqarilgani Koriz, Muqri, Juma kabi yana o‘nlab qishloqlar aholisiga katta qulaylik yaratdi.
Tuman hududidan 30 kilometr xalqaro, 176 kilometr respublika va 96 kilometr mahalliy ahamiyatdagi yo‘l o‘tadi. Yo‘llarning asosiy ta’mirtalab qismi mahalliy ahamiyatdagi yo‘llardir.
– Ilgari qishloq yo‘llarining shag‘al asosli qatlami talab darajasida zichlanmagani va belgilangan qalinlikda yotqizilmagani uchun tezda yaroqsiz holga kelib qolardi, – deydi G‘allaorol tumani yo‘l xo‘jaligi pudrat-ta’mirlash va foydalanish tashkiloti bosh muhandisi Asad Mamatov. – Bugun bu ishlar zamonaviy talablar asosida sifatli amalga oshirilmoqda. Xususan, shag‘alli qatlam va asfaltbeton qoplama zichlangan qattiq asosga yotqizilishi uning sifatini yanada oshiradi.
Umumiy foydalanishda bo‘lgan va ichki xo‘jalik yo‘llarini qayta qurish va ta’mirlashga Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashqari mahalliy byudjet va homiy tashkilotlar mablag‘lari ham jalb etilmoqda. Masalan, Qangli qishlog‘idan tuman markaziga kiradigan bir kilometrdan ziyod yo‘l va shuncha uzunlikdagi ko‘cha tadbirkorlar mablag‘i hisobidan, 3,3 kilometr ichki yo‘llar esa xususiy qurilish tashkilotlari tomonidan mukammal ta’mirlandi.
Amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.