O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2001 y., 19-son, 137-modda; 2003 y., 1-2-son, 11-modda; 2005 y., 34-36-son, 264-modda; 2006 y., 6-7-son, 39-modda; 2008 y., 33-son, 319-modda; 2012 y., 33-34-son, 390-modda)
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida kadrlar tayyorlash darajasi va sifatini yanada oshirish hamda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini davlat ta’lim standartlari va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablariga javob beradigan yuqori malakali pedagog va muhandis-pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar 2001—2010 yillarda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari pedagog kadrlari, shuningdek ularni o‘qitishda ishtirok etuvchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilar tarkibi kasbiy saviyasining uzluksiz ravishda o‘sishi va malakasi oshirib borilishini ta’minlash;
o‘qitish jarayoniga zamonaviy xorijiy metodikalardan foydalanish hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi pedagoglarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiruvchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilar tarkibining rivojlangan mamlakatlarning etakchi o‘quv markazlarida tajriba orttirishi amaliyotini kengaytirish orqali ilg‘or xalqaro pedagogik tajribalarni joriy etish;
zamonaviy texnologiyalarga asoslangan korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatidan foydalangan holda ularning bazaviy oliy ta’lim muassasalari bilan kooperatsiyalashuvini va hamkorligini chuqurlashtirish yo‘li bilan muhandis-pedagog kadrlar tayyorlash;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari rahbarlari va o‘qituvchilarining muntazam ravishda, kamida uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkazilishini tashkil etish. Rahbar va o‘qituvchilarning bo‘sh lavozimlarini tanlov asosida to‘ldirish;
zamonaviy axborot texnologiyalari va Internet xalqaro axborot tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalangan holda pedagog kadrlarni masofadan turib o‘qitish metodini joriy etish.
2. Quyidagilar:
2010 yilgacha bo‘lgan davrda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 avgustdagi 243-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2012 y., 33-34-son, 390-modda)
3. Davlat test markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda 2001/2002 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida kadrlar tayyorlash sifati monitoringini olib borsin va davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq baholasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga davlat talablarini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2001—2010 yillarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini hisobga olgan holda, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash hamda ular malakasini oshirishning o‘quv rejalari va dasturlarini ikki oy muddatda qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin;
har yili o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida kadrlar tayyorlash kasbiy darajasi monitoringi natijalariga ko‘ra akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ular malakasini oshirishning miqdoriy ko‘rsatkichlarini va tartibini aniqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari rahbar, pedagog va muhandis-pedagog kadrlariga qo‘yiladigan malaka talablari to‘g‘risidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
«Ustoz» jamg‘armasi bilan birgalikda 2001—2010 yillarda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishning aniq chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining mintaqalardagi yoshlar va jamiyatning ma’naviy hamda aqliy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi ma’rifat, madaniyat, ommaviy kompьyuter savodxonligi markazlari sifatidagi rolini, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilarining ijtimoiy maqomi va jamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari direktorlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nomenklaturasiga kiritish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi rahbari (H.S.Karomatov) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tashkiliy-kadrlar ishlari bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmati bilan birgalikda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining tanlovdan o‘tgan direktorlarini tayinlash tartibini 15 kun muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Davlat test markazi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda:
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi rahbarlar tarkibini, pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomni;
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida rahbar va o‘qituvchilarning bo‘sh lavozimlarini egallash uchun ularni tanlov asosida tanlab olish to‘g‘risidagi Nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar, tasdiqlasinlar va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili davlat byudjetini shakllantirishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining rahbar, pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va attestatsiyadan o‘tkazish uchun zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda o‘quv asbob-anjomlari xarid qilish uchun jalb etilayotgan grantlar va xorijiy kreditlar mablag‘laridan, shuningdek, o‘qituvchilarni rivojlangan mamlakatlarning etakchi o‘quv markazlarida qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun ham foydalanishni nazarda tutsin.
(7-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 8 sentyabrdagi 206-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2005 y., 34-36-son, 264-modda)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001 yil 4 oktyabr,
400-son