MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI
Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan "Jismoniy tarbiya, sog‘lomlashtirish va ommaviy sport tadbirlari samaradorligi ko‘lamini oshirish borasidagi ishlar tahlili” mavzuidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida vazirning sport ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Murodjon Aliev, vazirlikning tegishli boshqarmalari boshliqlari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining professor-o‘qituvchilari, sport federatsiyalari vakillari, yuqori natijalarga erishayotgan yosh sportchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yurtimizda sport va jismoniy tarbiyani yanada rivojlantirishga qaratilgan sa’y harakatlar zamirida farzandlarimizning ajdodlariga munosib, jismonan sog‘lom va barkamol bo‘lib yetishishlaridek ulkan maqsad g‘oyasi mavjud.
Madaniyat va sport ishlari vazirligi va uning tizim tashkilotlari, ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya va sportning ommaviylashuvini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish, jismoniy madaniyat harakatini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, zamonaviy sport turlari bo‘yicha iqtidorli sportchilarni tayyorlash va ularning sport mahoratlarini oshirish maqsadida reja asosida ish olib borilmoqda.
Jumladan, 2015 yil sport tadbirlarini o‘tkazish taqvim rejasiga muvofiq 9 oy davomida kompleks, xalqaro va respublika musobaqalari, o‘quv-mashg‘ulotlari yig‘inini yuqori saviyada o‘tishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Madaniyat va sport ishlari boshqarmalari, hududiy bo‘limlar tomonidan viloyat, shahar va tuman markazlarida, qishloqlarda, mahallalarda, istirohat bog‘larida aholining keng qatlamlari o‘rtasida joriy yilning 9 oy davomida jami 5120 ta ommaviy sport tadbirlari o‘tkazilib, ularga 1,3 mln nafardan ortiq ishtirokchilar jalb etildi, shulardan 585,5 ming nafari xotin-qizlarni tashkil etdi.
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida joylarda 4043 ta ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilib, ularga 867,8 ming nafar voyaga yetmagan yoshlar jalb etildi, shulardan 386,9 ming nafari qizlarni tashkil etdi.
O‘zbekiston sport delegatsiyasining xalqaro musobaqalar va xalqaro o‘quv mashg‘ulotlar yig‘inida ishtirok etishini ta’minlash maqsadida 228 ta Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan. Mazkur farmoyishiga muvofiq xalqaro tadbirlarda 1632 nafar (103 %) (shundan 589 nafari qizlar) sportchilar ishtirok etib, 215 ta oltin (116 %), 232 ta kumush (116 %), 243 ta bronza (102 %) jami: 690 ta medallarni (111 %) qo‘lga kiritishga musharraf bo‘ldi.
Shuningdek, Respublikada milliy sport turi bilan shug‘ullanuvchi sportchilarning sport mahorati darajasini oshirish, milliy sport turlari qatorida Kurash, Belbog‘li kurash, Turon yakka Kurashi, O‘zbek jang san’ati turlari ishtirokchilari orasidan iqtidorli sportchi yoshlarni saralab olish hamda xalq o‘yinlari ("Uloq-Ko‘pkari”, "Bel olish Kurash”, "Chillak”, "Dastak”, "Qadama tayoq”, "Happak”, "Uch tosh”, "Besh tosh”, "Qirq tosh”, "Arqon tortish”, "Belbog‘ tortish”, "Otda qiz quvdi”, "Otda poyga”, "Lanka”, "Belbog‘ ustida Kurash”) turlari ommaviyligini oshirish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2015 yil 25-26 aprel kunlari "Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 60 yoshdan oshgan (Kurash, Turon yakka Kurash, Belbog‘li Kurash, O‘zbek jang san’ati sport turlari bo‘yicha faxriy polvonlar o‘rtasida turnir o‘tkazildi. Turnirda barcha viloyatlardan 107 nafar faxriy polvonlar ishtiroki ta’minlandi.
2015 yil 4-5 iyul kunlari Sirdaryo viloyatining Yangier shahrida bolalar yozgi dam olish oromgohlarida Milliy sport turlari bo‘yicha terma jamoalar a’zolari tomonlaridan mahorat saboqlari, master-klass ko‘rgazmali chiqishlari o‘tkazildi. Mingdan ortiq yoshlar o‘z mahoratlarini oshirish uchun ko‘rgazmali chiqishlarni kuzatdilar.
Shu bilan bir qatorda sport sohasini yanada takomillashtirish, sportchi va murabbiylarni maishiy yashash sharoitlarini yaxshilash ularga qulay shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida bir qator me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.
Ayniqsa, 4 sentyabr kuni "Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risidagi”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni (yangi tahriri) qabul qilingani yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibordan dalolat.
"Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi "Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun avvalambor, o‘zaro bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan va bir-birini to‘ldiruvchi qator maqsadlarga erishishga qaratilgan.
Qonunda aholi, ayniqsa, yoshlar, imkoniyati cheklanganlarni jismoniy tarbiya va sportga yanada keng jalb qilish, mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, zamonaviy hamda samarali sport infratuzilmasini, uning moddiy-texnik bazasini shakllantirish, ta’lim va tibbiyot ta’minotini tartibga solish, yuqori toifali sportchilar tayyorlash, milliy sport turlarini rivojlantirish, doping bilan kurashishni kuchaytirish kabi muhim masalalar qamrab olindi.
Shuningdek, ta’lim muassasalari, fuqarolarning ish joyi, yashash joyi va dam olish joylarida jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Milliy sport turlari hamda xalq o‘yinlarini yanada rivojlantirish vazifasi Qonunda alohida modda sifatida kiritilib, xalqaro maydonda O‘zbekiston milliy sport turlari hamda xalq o‘yinlarining obro‘sini mustahkamlashga e’tibor qaratishi zarurligi belgilandi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi yurtimizda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sport inshootlarimizni jahon va zamon talablariga javob berishi, ulardan samarali foydalanishni ta’minlash, yuqori malakali sportchilar hamda sport zaxiralarini tayyorlash, sohaning ilmiy-uslubiy va texnik ta’minotini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida "Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risidagi”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni vazirlik va uning tizim tashkilotlari hamda quyi bo‘g‘inlarda jismoniy tarbiya, sog‘lomlashtirish va ommaviy sport tadbirlari samaradorligi ko‘lamini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.