2012 - Mustahkam oila yili
O‘zbekiston Respublikasi Rrezidentining Qarori
«Mustahkam oila yili» davlat dasturi to‘g‘risida
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012 y., 10-son, 99-modda)
Jamiyatimizning asosi bo‘lmish oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, oilalarni, ayniqsa yosh oilalarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasida olib borilayotgan barcha ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, jismonan sog‘lom, ma’naviy etuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirish, mustahkam, sog‘lom oilani shakllantirishda mahallaning mavqeini mustahkamlash va rolini kuchaytirishga doir aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish maqsadida, shuningdek 2012 yil O‘zbekiston Respublikasida «Mustahkam oila yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 13 dekabrdagi F-3760-son farmoyishi bilan tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat hamda nohukumat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan «Mustahkam oila yili» Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
«Oila sog‘lom ekan — jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan — mamlakat barqaror» degan insonparvar tamoyildan kelib chiqqan holda, quyidagilar «Mustahkam oila yili» Davlat dasturini amalga oshirishning eng muhim yo‘nalishlari etib belgilansin:
bugungi kun talablarini hisobga olgan holda qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, amaldagi qonun hujjatlariga oila institutini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, yangi qonunlar, qoida va normalarni ishlab chiqish, bu masalaga jamiyatimiz e’tiborini yanada kuchaytirish;
yosh oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash, moddiy va ma’naviy jihatdan keng qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan qulay va shinam uy-joy bilan ta’minlash, zarur imtiyoz va afzalliklar berish;
jamiyatimiz va kundalik hayotimizda mahalla institutining rolini yanada kuchaytirish va maqomini oshirish, Mustahkam oila yili maqsad va vazifalarini hayotga tatbiq etishda mahalla va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari ahamiyatini, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda shakllantirishda ularning ta’sirini kuchaytirish, yosh oilalarga zarur ko‘mak va yordam berish;
oila, birinchi navbatda, ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal etishda davlat va jamiyat tomonidan g‘amxo‘rlikni yanada kuchaytirish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish va farzandlarni tarbiyalashda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, bunda oilani mustahkamlashda asosiy yukni o‘z elkasiga olgan ayollarga alohida e’tibor qaratish;
«Sog‘lom ona – sog‘lom farzand» tamoyiliga muvofiq oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish;
jamiyatimizning ma’naviy negizlarini yanada rivojlantirish, azaliy milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va mustahkamlash, jamiyatimizda yuksak ma’naviy muhitni keng qaror toptirish, milliy mentalitetimizga mutlaqo yot bo‘lgan va kuchayib borayotgan turli xil zararli ta’sirlarga qarshi turishda oilaning o‘rni va ahamiyatini oshirish;
jismonan sog‘lom, ma’naviy etuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini kuchaytirish va shu maqsadda oila institutining ta’lim hamda tarbiya muassasalari bilan o‘zaro amaliy hamjihatligini mustahkamlash, ularning yaqin va samarali hamkorligini ta’minlash.
2. Respublika komissiyasi (Sh.M.Mirziyoev) zimmasiga «Mustahkam oila yili» Davlat dasturining amalga oshirilishini tashkillashtirish va monitoring qilish vazifalari yuklatilsin.
Respublika komissiyasi:
ikki hafta muddatda, «Mustahkam oila yili» Davlat dasturining ustuvor yo‘nalishlari va tadbirlaridan kelib chiqqan holda, respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat tashkilotlari tomonidan har bir idora, viloyat, shahar, tuman va aholi punkti bo‘yicha «Mustahkam oila yili»ning hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini ta’minlasin;
«Mustahkam oila yili» Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarni to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar darajasida ishlar aniq-puxta muvofiqlashtirilishini tashkil etsin, Dastur amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin;
Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi materiallarni yilning har choragida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislarida ko‘rib chiqsin;
har chorak yakunlari bo‘yicha «Mustahkam oila yili» Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga axborot berib borsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh.M.Mirziyoev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlarda (shaharlarda) «Mustahkam oila yili» Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar, tumanlar hokimlari boshchiligida hududiy komissiyalar tuzilishini ta’minlasin, ularning zimmasiga Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlar tegishli hududlarda og‘ishmay va to‘liq hajmlarda amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlikni yuklasin.
4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari:
aholi, ayniqsa yosh oilalar o‘rtasida «Mustahkam oila yili» Davlat dasturining maqsad va vazifalarini, davlat tomonidan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish hamda mustahkamlash bo‘yicha unda belgilangan chora-tadbirlarni muntazam va keng ko‘lamda tushuntirib borilishini;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarning Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga qo‘shgan aniq hissasini aks ettirgan holda «Mustahkam oila yili» Davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida keng jamoatchilik doimo xabardor qilib turilishini ta’minlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012 yil 27 fevral,
PQ-1717-son