2008 - Yoshlar yili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
«Yoshlar yili» davlat dasturi to‘g‘risida»
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008 y., 10-11-son, 56-modda)
Yoshlarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish borasidagi etilgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish, uzluksiz ta’lim tizimida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, real iqtisodiyotda va mamlakat hayot faoliyati sohalarida ta’lim muassasalari tomonidan tayyorlanadigan mutaxassislarga bo‘lgan talabni ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2008 yilning «Yoshlar yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi «Yoshlar yili» Davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoshlarning manfaatlarini yanada to‘liq ta’minlash va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan huquqiy bazani takomillashtirish hamda mustahkamlash, amaldagi qonun va normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
ta’lim jarayonini uning uzluksizligi va davomiyligi nuqtai nazaridan yanada takomillashtirish, 9-sinf bitiruvchilarining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarida yoshlardan munosib ravishda foydalanish va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini kafolatlaydigan, real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida talab qilinayotgan yo‘nalishlar va ixtisosliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil qilish;
ishga tushiriladigan umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni qurish va rekonstruktsiya qilish sifatini oshirish, ularni muhandislik kommunikatsiyalariga o‘z vaqtida hamda to‘liq ulash, mebelь, zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari va texnikaviy ta’lim vositalari bilan jihozlash, ta’lim sohasida qabul qilingan davlat umummilliy dasturlarining so‘zsiz va sifatli bajarilishi yuzasidan buyurtmachilar va pudratchilarning mas’uliyatini kuchaytirish;
ta’lim va kadrlar tayyorlash butun tizimi darajasi hamda sifatini tubdan oshirish, maktablar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy o‘quv muassasalaridagi ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda tanqidiy tahlil qilish hamda yangilash, pedagog kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish;
yosh avlodni hayotga qat’iy e’tiqod va qarashlar ruhida, mentalitetimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarining, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni tugatgan yoshlarning, ayniqsa, kichik shaharlar va qishloqlarda ishga joylashishi bilan bog‘liq masalalar butun kompleksini hal etish;
musiqa, rassomlik, san’at va madaniyat sohalarida bolalarning ijodiy talanti va qobiliyatlarini barvaqt aniqlash hamda rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, mazkur masalalar bilan shug‘ullanuvchi jamoat va nodavlat tashkilotlari hamda shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, OITS, giyohvandlik, kashandalik va boshqa zararli odatlarga qarshi kurash bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy turmush sharoitlarini yaratish, uy-joyini obodonlashtirish uchun zarur mablag‘lar va kreditlar berish, ma’naviy boy va jismonan sog‘lom bolalarni tarbiyalash chora-tadbirlarining samarali tizimini amalga oshirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 14 dekabrdagi F-2892-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Respublika komissiyasi zimmasiga «Yoshlar yili» Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va monitoringini olib borish vazifasi yuklansin.
Respublika komissiyasi a’zolaridan 2-ilovaga* muvofiq tarkibda «Yoshlar yili» Davlat dasturining asosiy bo‘limlarini amalga oshirish Kengashi tuzilsin.
* 2-ilova berilmaydi.
3. «Yoshlar yili» Davlat dasturini amalga oshirish Respublika komissiyasi va Kengashi (Sh.M.Mirziyoev):
vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir vazirlik va idora, mintaqa, shahar, tuman va aholi punkti bo‘yicha ikki hafta muddatda «Yoshlar yili» hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi va qabul qilinishini ta’minlasin;
ushbu Dasturning bo‘limlari va bandlarini to‘liq bajarish bo‘yicha ishlarning davlat boshqaruvi respublika hamda hududiy organlari, jamoat va nohukumat tashkilotlari darajasida muvofiqlashtirilishini tashkil etsin, Dasturga kiritilgan tadbirlarning bajarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga yilning har choragi yakunlari bo‘yicha «Yoshlar yili» Davlat dasturida tasdiqlangan tadbirlarning bajarilishi to‘g‘risida axborot taqdim etib tursin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar)da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi va tegishli hududlar hokimlari boshchiligida, ularning zimmasiga Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklangan holda, Dasturni amalga oshirish bo‘yicha tegishli komissiyalar tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari «Yoshlar yili» Davlat dasturining maqsad va vazifalari keng ko‘lamda tushuntirilishini, uning amalga oshirilishini, yoshlar huquqlari manfaatlarini himoya qilish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda real iqtisodiyot tarmoqlarida talab etilayotgan aniq kasb-hunarni egallash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularning jamiyatda munosib o‘rinni egallab, respublikani rivojlantirishda hal qiluvchi kuch bo‘lib qoladigan, o‘z mamlakatining to‘la huquqli fuqarolari sifatida kamol toptirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda respublika va mahalliy boshqaruv organlari, jamoat hamda nohukumat tuzilmalarining aniq hissasi muntazam yoritib borilishini ta’minlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008 yil 29 fevral,
PQ-805-son