2007 - Ijtimoiy himoya yili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
«Ijtimoiy himoya yili» davlat dasturi to‘g‘risida
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007 y., 4—6-son, 39-modda)
2007 yilning «Ijtimoiy himoya yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan hamda aholini ijtimoiy himoya qilish ko‘lamlarini yanada kengaytirish va kuchaytirish, aholining muhtoj toifalari va oilalarga, nogironlar va yolg‘iz keksalarga aniq, tabaqalashtirilgan tarzda yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish, aholi daromadlari darajasidagi farqlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, jamiyatda hamjihatlik, ezgulik va mehr-shafqat muhitini qaror toptirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilarni ko‘zda tutuvchi «Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
amaldagi ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirishga, aholining ijtimoiy nochor qatlamlariga yordam ko‘rsatishda tabaqalashgan tarzda yondashishga qaratilgan yangi qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amaldagi shunday hujjatlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish;
«Mehribonlik» uylari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, boquvchisidan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risida e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, «Sen yolg‘iz emassan» maqsadli vazifasini hayotga aniq tatbiq etish;
aholining nochor qatlamlari – muhtoj oilalar, nogironlar, yolg‘iz qariyalarni aniq ijtimoiy himoya qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini ro‘yobga chiqarishda mahallalar rolini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalda joriy etish;
jismoniy va ma’naviy jihatdan sog‘lom avlodni kamol toptirish chora-tadbirlarini yanada chuqurlashtirish, onalik va bolalik to‘g‘risida g‘amho‘rlikni kuchaytirish, ayollar sog‘lig‘ini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni takomillashtirish va «Sog‘lom ona – sog‘lom farzand» harakatini har tomonlama rag‘batlantirish, jumladan maktablarning yuqori sinflari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy o‘quv yurtlari yoshlari o‘rtasida tushuntirish ishlari va fakulьtativ mashg‘ulotlar o‘tkazish;
ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi, «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylari xodimlari mehnatini rag‘batlantirish va munosib baholash mexanizmini takomillashtirish, ularning mehnatini, shuningdek umuman ijtimoiy soha xodimlari mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish darajasini oshirish;
yosh avlodning hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlash, yoshlarning kasb mahorati hamda ma’naviy o‘sishini moddiy va axloqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli o‘tkazishni va sport bilan shug‘ullanishini tashkil qilish, hayotga qadam qo‘yayotgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar kompleksini tayyorlash va amalga oshirish;
faxriylar va pensionerlarga yordam ko‘rsatish darajasini yanada oshirish, ularning davlat va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, muhtojlarga beg‘araz yordam berish.
2. «Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturining bajarilishini tashkil etish va uning monitoringini olib borish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 12 dekabrdagi F-2632-sonli Farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Respublika komissiyasi a’zolaridan «Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturining asosiy bo‘limlarini amalga oshirish bo‘yicha 2-ilovaga muvofiq tarkibda Kengash tashkil etilsin.
3. Respublika komissiyasi va «Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha Kengash (Sh.M.Mirziyoev):
ikki hafta muddatda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir idora, aholi punkti, tuman, shahar va mintaqa bo‘yicha «Ijtimoiy himoya yili» hududiy va tarmoq dasturlarining ishlab chiqilishi va qabul qilinishini ta’minlasinlar;
respublika va hududiy davlat boshqaruvi organlari hamda jamoat tashkilotlari darajasida ushbu Dasturning bo‘limlari va bandlari to‘liq hamda so‘zsiz bajarilishi bo‘yicha ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil etsinlar, Dasturga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsinlar;
«Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturi bilan tasdiqlangan topshiriqlarning bajarilishi to‘g‘risida har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot taqdim etib tursinlar.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida va tumanlar (shaharlar)da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlar hokimlari boshchiligida Dasturni amalga oshirish bo‘yicha tegishli komissiyalarni tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin, ular zimmasiga Dastur tadbirlarining so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishi ustidan har oylik monitoring va qat’iy nazorat olib borish vazifasi yuklansin.
5. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari jamiyatda ezgulik va muhribonlik muhitini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan holda «Ijtimoiy himoya yili»ning maqsadlari va ahamiyatini keng ko‘lamda tushuntirish, tadbirlarning amalga oshirilishini, shu jumladan davlat tashkilotlari va mahalliy hokimiyat organlari, ijtimoiy va nodavlat xayriya tashkilotlari, ijtimoiy ta’minot muassasalari, shuningdek ayrim fuqarolar, mahallalar, korxona va tashkilotlar jamoalari qo‘shayotgan aniq hissani muntazam yoritib borishni ta’minlasinlar.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent sh.,
2007 yil 23 yanvar,
PQ-573-son