2005 - Sihat-salomatlik yili

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori
«Sihat-salomatlik yili» davlat dasturi to‘g‘risida

(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005 y., 3-4-son, 25-modda)

Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini yanada shakllantirishga, aholi salomatligini mustahkamlashga, jismoniy sog‘lom va ma’naviy boy yosh avlodni tarbiyalashga, fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport bilan faol shug‘ullanishga keng jalb etilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, shuningdek 2005 yil O‘zbekiston Respublikasida «Sihat-salomatlik yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 15 dekabrdagi F–2095-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat tashkilotlari va jamg‘armalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
«Sihat-salomatlik yili» davlat dasturining ilovada nazarda tutilgan tadbirlari tasdiqlangan respublika byudjetida va mahalliy byudjetlarda moliyalashtirishning aniq manbalari, bajaruvchilar mablag‘lari bilan 2-ilovaga muvofiq ta’minlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturining asosiy maqsadli vazifalari va yo‘nalishlari hisoblansin:
odamlarda bebaho boylik bo‘lgan o‘z sog‘lig‘ini saqlashga to‘g‘ri va mas’uliyatli munosabatda bo‘lish, sog‘lom turmush tarzini olib borish, o‘z hayot faoliyatini oqilona tashkil qilish, zararli odatlardan voz kechish, sog‘lom bo‘lishga, jismoniy va ruhiy jihatdan uyg‘un kamol topishga intilishga yo‘naltirilgan hayotiy falsafani shakllantirish;
onalik va bolalikni muhofaza qilish, ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlash, reproduktiv salomatlikni yaxshilash, tibbiy madaniyatni oshirish va oilada turmush tarzini sog‘lomlashtirish, jismonan baquvvat farzandlar tug‘ilishini va ularni barkamol qilib tarbiyalashni ta’minlash loyihalari va tadbirlarini amalga oshirish;
aholining, ayniqsa qishloq joylarda yashaydigan aholining gigiena sohasidagi bilimlari va madaniyatini oshirish, sanitariya va shaxsiy gigiena qoidalarining ahamiyati hamda ularga rioya etish zarurligini yosh avlod chuqur anglab etishida ota-onalar va pedagoglar rolini kuchaytirish;
giyohvandlikka, chekishga, yuqumli kasalliklar, shu jumladan sil kasalligi va VICh/OITS tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan faoliyatni tashkil etish;
pensionerlar va nogironlar salomatligini mustahkamlash, ularga tibbiy, sanatoriya-kurort va kommunal-maishiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, keksalarning sog‘lom va munosib hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini yanada kuchaytirish;
aholining keng qatlamlari foydalana oladigan va sifatli sog‘liqni saqlash tizimini yaratish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, ularni zamonaviy tashxis va tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish tizimini takomillashtirish;
atrof muhitni muhofaza qilishga, ekologiya normalarini tatbiq etishga, aholini sifatli ichimlik suv bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan dasturlarni amalga oshirish;
aholi keng qatlamlarining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishini, ayniqsa bolalarni sportga jalb etishni faollashtirish, musobaqalar, ommaviy sport va sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishni tashkil etish ishlarini amalga oshirish;
sog‘liqni saqlash xodimlarining murakkab va mas’uliyatli mehnatini moddiy hamda ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning murakkabligi darajasi va sifatiga qarab mehnatga tabaqalashtirilgan holda haq to‘lashni joriy etish yuzasidan aniq yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturining asosiy qoidalariga muvofiq 10 kun muddatda hududiy dasturlar ishlab chiqsinlar va ularning bajarilishini ta’minlasinlar.
4. «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturining bajarilishini tashkil etish va monitoringini olib borish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 15 dekabrdagi F-2095-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Respublika komissiyasiga yuklansin.
Respublika komissiyasi doirasida «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturining asosiy bo‘limlari amalga oshirilishi uchun mas’ullardan iborat bo‘lgan 3-ilovaga muvofiq tarkibda Kengash tuzilsin.
5. «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturida tasdiqlangan tadbirlarning bajarilishini nazorat qilishning quyidagi tizimi belgilansin:
Kengash har oyda to‘planadi va «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturiga kiritilgan aniq tadbirlar bo‘yicha bajarish uchun mas’ullarning hisobotini eshitadi;
Davlat dasturi asosiy bo‘limlarining bajarilishi uchun 1 va 3-ilovalarga muvofiq mas’ullar har chorakda Respublika komissiyasi majlislarida dastur bo‘limlarining bajarilishi to‘g‘risida hisobot beradilar;
Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoev) har chorak yakunlari bo‘yicha hisobot davridan keyingi oyning 5-kunigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturida tasdiqlangan topshiriqlarning bajarilishi to‘g‘risida axborot taqdim etadi.
Davlat dasturi asosiy bo‘limlarining bajarilishi uchun mas’ullarning hisobotlarini tayyorlashda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti tegishli qo‘shimcha axborot tayyorlaydi va uni ko‘rib chiqish uchun Respublika komissiyasiga kiritadi.
6. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, «O‘zteleradio» kompaniyasi, ommaviy axborot vositalari «Sihat-salomatlik yili» davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning roli va ahamiyatini keng tushuntirishni, turli darajalarda dasturning amalga oshirilishi va uning natijalari muntazam yoritib borilishini ta’minlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoev zimmasiga yuklansin.

Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV


Toshkent sh.,
2005 yil 25 yanvar,
30-son

Dasturni yuklab olish