2004 - Mehr va muruvvat yili
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori
«Mehr va muruvvat yili» dasturi to‘g‘risida
Mamlakatimizda 2004 yilning «Mehr va muruvvat yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan, jamiyatimizda ahillik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, millatlararo do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlarimiz ongi va tafakkurida yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish, aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, xususan, kam ta’minlangan toifa va oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. «Mehr va muruvvat yili» dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Dasturda belgilangan chora-tadbirlar:
— davlat idoralari va jamoat tuzilmalarining mablag‘ va imkoniyatlarini, korxona va tashkilotlar, shirkat va fermer xo‘jaliklari, tadbirkor va ishbilarmonlarning homiylik yordamlarini kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, boquvchisidan judo bo‘lgan fuqarolar va yolg‘iz keksalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun jalb etishga;
— jamiyat hayotining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oila tizimini mustahkamlash, onalik va bolalikni, inson hayoti va manfaatlarini himoyalash, muhofaza qilish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, jumladan, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholiga tibbiy, savdo va kommunal-maishiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha aniq rejalarni amalga oshirishga;
— yurtdoshlarimizni mehribonlik va ezgulik ruhida tarbiyalash, zamon talablariga javob beradigan qadimiy an’ana va qadriyatlarimizni hayotimizga yanada chuqurroq singdirish, bunday intilish va harakatlarni ommaviy axborot vositalari, joylardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgani ma’qullansin.
2. «Mehr va muruvvat yili» dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar ushbu dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va talab darajasida bajarilishini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, kontsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar va agentliklar, xo‘jalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, jamg‘armalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar, Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimliklari:
yilning har choragida, tegishli idoralar va tuzilmalarni jalb etgan holda, «Mehr va muruvvat yili» dasturining bajarilishini muhokama qilib, zarur chora-tadbirlar ko‘rib borsin;
yilning har choragi yakunlari bo‘yicha dastur topshiriqlarining bajarilishi natijalari to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotni keyingi oyning 7-kunigacha respublika komissiyasiga taqdim etsin.
4. Matbuot va axborot agentligi, «O‘zteleradio» kompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga aholi o‘rtasida «Mehr va muruvvat yili» dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning mohiyati va ahamiyatini ochib berish, ularni amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004 yil 27 yanvar,
40-son