2003 - Obod mahalla yili


O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori

«Obod mahalla yili» dasturi to‘g‘risida

(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2003 y., 3-son, 26-modda)

Mahallaning fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatidagi roli va ahamiyatini oshirish, milliy qadriyat va an’analarni, o‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlashdagi nufuzini ko‘tarish, aholini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasida 2003 yil «Obod mahalla yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. «Obod mahalla yili» dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Mazkur dastur:
mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotidagi roli va maqomini yanada mustahkamlashga;
mahalla faoliyatining amaldagi me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirishga, uning vakolatlarini kengaytirishga va fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi mas’uliyatini oshirishga;
mahalla faoliyatining moddiy bazasini mustahkamlashga, mahalla hududida tadbirkorlikni, xizmatlar ko‘rsatish va savdo sohalarini rivojlantirishga, shular hisobiga yangi ish o‘rinlari barpo etishga;
mahallaning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga, uning hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga, bolalar va sport maydonchalarini jihozlashga, kommunal tarmoqlarni rivojlantirishga;
mahalla tomonidan kam ta’minlangan oilalarga aniq yo‘nalishli moddiy yordamni va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga;
keksa avlodga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirishga;
mahalla aholisiga tibbiy va sanatoriy-kurort xizmati ko‘rsatilishini yaxshilashga, bolalar sportini rivojlantirishga;
mahallaning aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, ijtimoiy adolat, o‘zaro mehr-oqibat va ma’naviy-axloqiy tarbiya bilan bog‘liq milliy qadriyat va urf-odatlarimizni keng targ‘ib qilish, ularni asrab-avaylash sohasidagi faoliyatini takomillashtirishga qaratilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini rivojlantirish jamg‘armalarini tashkil etish to‘g‘risida taklif kiritsinlar, fuqarolik holati aktlarini qayd etganlik uchun davlat bojining bir qismini hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun yig‘im va boshqa tushumlarni mazkur jamg‘armalarni mablag‘ bilan ta’minlash manbalari etib belgilasinlar.
3. «Obod mahalla yili» dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar ushbu dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlovchi aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, kontsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar va agentliklar, xo‘jalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, jamg‘armalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar, Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimliklari:
yilning har choragida o‘z majlislarida manfaatdor idoralar va tuzilmalarni jalb etgan holda, «Obod mahalla yili» dasturining qanday bajarilayotganini muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rib borsin;
yilning har choragi yakunlari bo‘yicha dastur topshiriqlarining hisobot davrida bajarilishi natijalari to‘g‘risida chorakdan keyingi oyning 7-sanasigacha Respublika komissiyasiga tahliliy axborotni taqdim etsin.
5. «Mahalla» xayriya jamg‘armasi Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Madaniyat ishlari vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda to‘y-ma’raka va boshqa marosimlarni an’analarimizga xos tejamkorlik bilan o‘tkazishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga taqdim etsin.
6. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, «O‘zteleradio» kompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, respublika ommaviy axborot vositalariga «Obod mahalla yili» dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning ma’no-mohiyati va ahamiyatini keng tushuntirish, ularni amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlarni xolis yoritish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari K.To‘laganov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003 yil 7 fevral,
70-son

Dasturni yuklab olish