2002 - Qariyalarni qadrlash yili

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi

«Qariyalarni qadrlash yili» davlat dasturini ishlab chiqish to‘g‘risida


Mazkur Farmoyish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 24 iyuldagi PF-3467-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari va farmoyishlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida» gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimizning keksa fuqarolariga davlat va jamiyat tomonidan diqqat-e’tibor, g‘amxo‘rlik hamda ijtimoiy himoyani, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha Davlat dasturini ishlab chiqish maqsadida va 2002 yil «Qariyalarni qadrlash yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan:
1. «Qariyalarni qadrlash yili» Davlat dasturini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika komissiyasi ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Respublika komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda bir oy muddatda «Qariyalarni qadrlash yili» Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
Dasturda, qariyalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ilgari qabul qilingan hukumat qarorlarida ko‘zda tutilgan tadbirlar bajarilishini davom ettirish bilan bir qatorda quyidagi vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilsin:
qariyalarni qadrlashdan iborat xalqimizga xos asriy an’analarni, oilada tinchlik va totuvlik, jamiyatda barqarorlik muhitini shakllantirishga qariyalarning qo‘shayotgan munosib hissasini yoritish va targ‘ib qilishda, ulardan tarbiyaviy maqsadlarda foydalanishda oila. mahalla, jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar hamda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish;
qariyalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning pensiya ta’minotini takomillashtirish tibbiy, sanatoriy-kurort, kommunal-maishiy va transport xizmatlari ko‘rsatishni yaxshilash borasidagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish;
yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlar, urush qatnashchilari va nogironlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning dori-darmon bilan va ijtimoiy jihatdan ta’minlanish darajasini oshirish;
jamiyatni tubdan o‘zgartirishda, sog‘lom avlodni tarbiyalashda, boy kasbiy va hayotiy tajribaning, ezgu an’analar hamda madaniy qadriyatlarning davom ettirilishida va ularni yoshlarga etkazishda qariyalarning faol ishtirok etishlarini ta’minlash;
bolalar va yoshlarni ota-onalar hamda qariyalarni izzat-hurmat qilish, qadrlash va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish ruhida tarbiyalash va ta’lim berish tizimini takomillashtirish.
3. Ushbu Farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV


Toshkent sh.,
2001 yil 18 dekabr,
F-1494-son

Dasturni yuklab olish