2001 - Ona va bola yili

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori

«Ona va bola» davlat dasturi to‘g‘risida

2001 yil O‘zbekiston Respublikasida «Ona va bola yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 19 dekabrdagi F-1306-son farmoyishiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Respublika komissiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar va idoralar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, jamoat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan «Ona va bola» davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ilovada nazarda tutilgan «Ona va bola» davlat dasturi tadbirlari respublika va mahalliy byudjetlarda tasdiqlangan aniq manbalar hamda bajaruvchilarning mablag‘lari bilan ta’minlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar Davlat dasturining asosiy maqsadlari va vazifalari hisoblansin:

dasturda mo‘ljallangan chora-tadbirlarning oila manfaatlari amalga oshirilishini ta’minlash, ayollarning manfaatlarini ta’minlash va himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan Davlat dasturlariga, «Sog‘lom avlod» dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan barcha loyihalar va tadbirlarning bundan buyon amalga oshirilishi, to‘liq tugallanishiga erishilishi bilan mustahkam o‘zaro aloqasini ta’minlash;

ona sog‘lig‘ini mustahkamlash va sog‘lom bola tug‘ilishi masalalariga e’tiborni kuchaytirish, zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari, profilaktika tadbirlarini muntazam o‘tkazish yordamida amalda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ona va bolani parvarish qilish tizimini yaratish;

har tomonlama jismoniy, ma’naviy va aql-zakovatli bolalar kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularda pedagogika va psixologiyaning zamonaviy usullarini qo‘llash asosida qat’iy bilimlar, erkin fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, atrof muhitning boyligi va xilma-xilligi, jahon madaniyati bilan keng tanishtirish;

eng yaxshi an’analarimiz va urf-odatlarimiz asosida bolalarni Vatanga va xalqqa muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashda ota-onalar, ta’lim muassasalari va mahallalarning rolini kuchaytirish;

mustahkam va sog‘lom oilani shakllantirish uchun zarur sharoitlar yaratish, bolani tarbiyalash, jismoniy va ma’naviy rivojlantirishda ona va oilaning rolini kuchaytirish.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan «Ona va bola» davlat dasturi qoidalari asosida hamda mintaqa va tarmoqlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda bir oy muddatda tegishli hududiy dasturlarni ishlab chiqsinlar, ularda aniq chora-tadbirlarni va bajarilish muddatlarini nazarda tutsinlar hamda ularning amalga
oshirilishini qattiq nazorat ostiga olsinlar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar, haharlar, tumanlar hokimliklari, Hukumatga qarashli bo‘lmagan tashkilotlar va jamoat tashkilotlari:

tasdiqlangan «Ona va bola» davlat dasturida belgilangan tadbirlarning o‘z muddatlarida so‘zsiz bajarilishini ta’minlasinlar; yilning har choragida o‘z majlislarida «Sog‘lom avlod» va «Ona va bola» davlat dasturlarining bajarilishini ko‘rib chiqsinlar;

yilning har choragi yakunlariga ko‘ra hisobot davridan keyingi oyning 10-kunigacha Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlangan dasturiy topshiriqlarning amalga oshirilishi yakunlari to‘g‘risida tahliliy axborot taqdim etsinlar.

Oldingi tahrirga qarang.

(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 26 iyuldagi 358-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2004 y., 30-son, 344-modda)

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi, «O‘zteleradio» kompaniyasi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, respublika ommaviy axborot vositalari «Ona va bola» davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning roli va ahamiyati keng tushuntirilishini ta’minlasinlar.

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.


Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV


Toshkent sh.,

2001 yil 5 fevral,

68-son

Dasturni yuklab olish