2000 - Sog'lom avlod yili
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori
«Sog‘lom avlod» davlat dasturi to‘g‘risida
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2002 y., 24-son, 200-modda, 2004 y., 30-son, 344-modda)
Sog‘lom avlodni tarbiyalashga, yuksak umuminsoniy qadriyatlari asoslangan hayotiy o‘rniga ega bo‘lgan ma’naviy boy, axloqan etuk, intellektual rivojlangan, yuqori bilimli, jismonan baquvvat, har tomonlama kamol topgan shaxsni shakllantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasida 2000 yilning «Sog‘lom avlod yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarga:
sog‘lom oilani shakllantirish va oilada yuksak ma’naviy-axloqiy muhitni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni takomillashtirishga;
davlat, jamiyat va oila tomonidan sog‘lom farzand tug‘ilishiga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirishga;
bolalarning salomatligini mustahkamlash, ta’lim olishi va har tomonlama kamol topishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga;
«Mehribonlik» uylarida, maktab-internatlarda va ixtisoslashtirilgan maktablarda tarbiyalanayotgan bolalarga davlat tomonidan yordamni kuchaytirishga;
ijtimoiy tafakkurda etuk, har tomonlama kamol topgan va sog‘lom avlodning tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun yuksak mas’uliyat psixologiyasini shakllantirishga, sog‘lom avlodning tug‘ilishi va tarbiyalanishi masalalari bo‘yicha aholiga yalpi bilim berish tizimini yaratishga yo‘naltirilgan «Sog‘lom avlod» davlat dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Belgilansinki, «Sog‘lom avlod» davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni, ularning ahamiyati va ko‘lamlarini, sarf-xarajatlar hajmlarini va ijtimoiy oqibatlarini hisobga olgan holda, amalga oshirish 2000 yilda va keyingi yillarda tegishli resurslar bilan ta’minlanishi kerak.
Davlat dasturi topshiriqlarining unda belgilangan muddatlarga muvofiq so‘zsiz bajarilishi uchun o‘zlariga bog‘liq bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni ko‘rish, barcha mavjud imkoniyatlarni safarbar etish vazirliklar, idoralar, hududiy hokimiyat va boshqaruv organlari har bir rahbarining muhim insoniy burchi deb hisoblansin.
3. «Sog‘lom avlod» davlat dasturini bajarishga doir ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun 2-ilovaga* muvofiq tarkibda Respublika komissiyasi tuzilsin.
* 2-ilova berilmaydi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 26 iyuldagi 358-sonli «Respublika komissiyalari va kengashlari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 3-bandga o‘zgartirish kirgan. Mazkur bandning rus tilidagi matniga qarang.
Respublika komissiyasi, zaruriyat bo‘lganda, Davlat dasturining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha olimlar, mutaxassislar va jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruhlari tuzsin va joylarda dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bo‘yicha ishlarning haqiqiy ahvoli o‘rganilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 26 iyulь 358-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — 2004 y., 30-son, 344-modda)
5. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasida jamlanayotgan moliyaviy mablag‘larning miqdorlari va manbalarini tanqidiy baholab chiqsinlar va bir hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
Jamg‘armani «Sog‘lom avlod» davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha Jamg‘armaga yuklangan vazifalarning bajarilishini ta’minlaydigan miqdorlarda zarur moliyaviy manbalar bilan tubdan mustahkamlash;
viloyatlarda Jamg‘arma filiallarini tashkil etish, ularning tegishli moddiy-moliyaviy bazasini yaratish;
Jamg‘armani va uning hududiy filiallarini, birinchi navbatda, byudjetdan tashqari jamg‘armalar hamda yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari hisobidan mablag‘ bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan maqsadli foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan muddatlarda tasdiqlashga kiritsin.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 4 martdagi 74-son «Sog‘lom avlod uchun» Hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi faoliyatini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, kontsernlar, korporatsiyalar va kompaniyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari yilning har choragida o‘z majlislarida, manfaatdor organlar va tuzilmalarni jalb etgan holda, «Sog‘lom avlod» davlat dasturining bajarilishini ko‘rib borsinlar. Yilning har choragi yakunlari bo‘yicha yil choragidan keyingi oyning 5-kunigacha Vazirlar Mahkamasiga hisobot davrida Davlat dasturi topshiriqlarining amalga oshirilishi yakunlari to‘g‘risida tahliliy axborot taqdim etsinlar.
7. Davlat matbuot qo‘mitasi, «O‘zteleradio» kompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, respublika ommaviy axborot vositalari qabul qilingan «Sog‘lom avlod» davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning roli va ahamiyati keng tushuntirib berilishini ta’minlasinlar.
Markaziy televidenieda va viloyatlar televidenielarida hamda Toshkent shahar televideniyasida «Sog‘lom avlod — bu bizning kelajagimiz» maxsus muntazam ko‘rsatuvini tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin. Uni tayyorlashga yuqori malakali mutaxassislar, shifokorlar, psixologlar, ota-onalar, tarbiyachilar, yozuvchilar, jurnalistlar, sog‘lom avlod muhofazasiga daxldor barcha kishilar jalb etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000 yil 15 fevral,
46-son