Mavsumga puxta taraddud ko‘rildi

2015-11-27

Toshkent shahar hokimligida poytaxtimiz markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “Toshissiqquvvati” ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasining joriy kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari yakunlari sarhisob qilindi.

Prezidentimizning shu yil 7-iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida qozonxonalar ta’mirlanib, modernizatsiya qilinmoqda, magistral taqsimlash issiqlik tarmoqlaridagi eskirgan quvurlar almashtirilib, ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotir.

Poytaxtimizda keng tarmoqli markaziy issiqlik ta’minoti tizimi ishlab turibdi. 9 yirik issiqlik markazi va 167 mahalliy qozonxonada ishlab chiqarilayotgan issiqlik energiyasi issiqlik tarmoqlari kanallari orqali iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.

Buning samarasida 9,1 mingta ko‘p qavatli uy, 475 umumta’lim maktabi, 579 davolash, 635 maktabgacha ta’lim va 662 oliy hamda o‘rta maxsus ta’lim muassasasi issiqlik bilan ta’minlanmoqda.

Matbuot anjumanida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini joriy kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida barcha issiqlik markazlari, qozonxonalar va issiqlik tarmoqlaridagi uskunalar holati o‘rganib chiqilgani ta’kidlandi. Olingan ma’lumotlarga muvofiq issiqlik ta’minoti tizimining ishonchli ishlashini ta’minlash va modernizatsiya qilishga qaratilgan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ayni paytda 448,9 ming kilometr magistral va taqsimlash issiqlik tarmog‘ida ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi, 92,1 kilometrlik quvurlar izolatsiya qilindi, eskirgan 30 kilometr quvur yangilandi.

Mahalliy qozonxonalarni ta’mirlash va modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda 19 qozonxona kapital ta’mirlandi, 481 qozonxonada joriy ta’mirlash ishlari yakunlanib, eskirgan uskunalar almashtirildi. Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi TTZ va Yugnakiy dahalarida 46 yangi mahalliy qozonxona barpo etildi. Shuningdek, joriy yilda to‘rtta nasos stansiyasi kapital ta’mirlandi.

Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Manba: O'zA