Nuroniylar hamisha e’zozda
2015-11-24
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilning o‘tgan davrida 138 milliard 495 million so‘m va 652,6 ming dollar miqdorida mablag‘ sarflandi.
– Prezidentimiz rahnamoligida yoshi ulug‘ insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning salomatligini mustahkamlash, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash va turmush sharoitini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyati boshlig‘i T.Abduxoliqov. – Ayniqsa, joriy yilning mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili, deb e’lon qilingani va shu asosda ishlab chiqilgan Davlat dasturining hayotga tatbiq etilayotgani bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va samaradorligini oshirish imkonini berdi. Davlat dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha urush va mehnat fronti faxriylari mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy televizor va uyali aloqa vositalari bilan bepul ta’minlandi. Manzilli ro‘yxat asosida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar tomonidan dori-darmon bepul tarqatildi. 406 nafar urush va mehnat fronti faxriysi, shuningdek, yolg‘iz va ijtimoiy yordamga muhtoj keksalarning uyi ta’mirlandi. Kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan 671 nafar keksaga moddiy yordam ko‘rsatildi. 9 ming 700 ga yaqin qariya chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bir yarim mingdan ziyod urush va mehnat fronti faxriysi, keksa va nogironlarga sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar berildi. Keksalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, kommunal xizmatlar to‘lovi va uy-joylarini ta’mirlashga 19 million so‘mdan ortiq homiylik yordami ko‘rsatildi. Shahar va tuman hokimliklari, kasaba uyushmalari tashkilotlari hamkorligida 4 mingdan ziyod nuroniyning Xiva, Buxoro, Samarqand, Toshkent shaharlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi tarixiy obidalarga sayohatlari uyushtirildi.
Darhaqiqat, tinch va obod yurtdagina inson, xususan, keksalarga shunday yuksak hurmat-ehtirom, g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Tinchlik hukmron yurtdagina odamlar xotirjam yashaydi, samarali mehnat qiladi. Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshi ulug‘ insonlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun keksalarimiz yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol toptirishdek ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shmoqda.
Manba: O'zA