Qadri ulug‘
2015-11-24
Xonadonlarimiz fayzi va ustuni hisoblangan nuroniylarga izzat-ikrom ko‘rsatish, xayrli ishlarni ularning duosi bilan boshlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Zotan, yoshi ulug‘ odamlarga bo‘lgan e’tibor hamda g‘amxo‘rlik jamiyatning madaniy darajasini belgilovchi omillardan biridir.
Mustaqillik yillarida barcha sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson va uning manfaatlari uchun yo‘naltirilgan bo‘lib, pirovardida aholining turli qatlamlari, shu jumladan, keksa avlod vakillari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida ham har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega ekani qayd etilgan.
E’tiborlisi, Keksalarni e’zozlash yilida ularni manzilli ijtimoiy himoya qilish, faxriylarga, ehtiyojmand fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy va ijtimoiy xizmatlarning sifatini yaxshilash kabi ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan ishlar yana bir pog‘ona ko‘tarildi. Prezidentimizning 2015 yil 18 fevraldagi “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarishda jamiyatimizning barcha a’zosi tashabbus ko‘rsatayotgani quvonarlidir.
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining doimiy komissiyalari, umuman, har bir deputat keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, pensiya ta’minoti hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturining hududda bajarilishiga ko‘maklashish va nazorat qilib borish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining joriy yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — 1941 — 1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi o‘alabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi, “1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi hamda “Keksalarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Shunga ko‘ra, viloyatimizda 247 nafar urush va mehnat fronti faxriysi esdalik yubiley medali bilan taqdirlandi. 195 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining har biriga 700 ming so‘mdan pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, urush va mehnat faxriylarining 158 nafari yurtimizda ishlab chiqarilgan televizor, 200 nafarga yaqini mobilь telefon apparatlari bilan ta’minlandi.
Qariyalarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ularni tizimli asosda sog‘lomlashtirishni tashkil etish, yordamchi hamda texnik reabilitatsiya vositalarini etkazib berish bilan bog‘liq muhim chora-tadbirlar ham izchillik kasb etmoqda. Chunonchi, viloyatdagi nuroniylarning barchasi to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostidagi salomatlik haftaliklari hududlarimizda yuqori saviyada tashkil qilindi. Ikki ming yuz nafardan ziyod yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlar sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida salomatligini tikladi. Shu bilan birga, urush va mehnat faxriylariga dori-darmonlar, 300 nafardan ortiq fuqaroga reabilitatsiya texnik vositalari hamda protez-ortopediya mahsulotlari berildi.
Dastur doirasida yoshi ulug‘ insonlarning turmush sharoitini yaxshilashga, ularga ko‘rsatilayotgan maishiy xizmat sifatini oshirishga ham ustuvor ahamiyat qaratilayotir. O‘tgan davrda bir ming 700 nafardan ziyod keksalar mebelь va uy-ro‘zg‘or buyumlari, issiq kiyim-kechaklar bilan ta’minlangani buning dalilidir.
Keksalarning maroqli va mazmunli dam olishi uchun shahar hamda tumanlardagi 17 ta madaniyat va istirohat bog‘ida hordiq maskanlari tashkil qilindi. Mazkur maskanlarda qariyalarimizga shaxmat, shashka hamda stol tennisi bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratildi.
Deputatlar tomonidan keksa otaxonu onaxonlar uchun tibbiyotchilar, psixologlar, ijtimoiy ta’minot tizimi xodimlari, huquqshunoslar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazib kelinayotgani ham ayni muddao bo‘lmoqda. Bu tadbirlarda sog‘lom turmush tarzi, ruhiy barkamollik va jismoniy faollik, yurtimizda barcha sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida batafsil ma’lumotlar berilayapti.
Shunisi ayonki, har bir davlatning salohiyati nainki iqtisodiy yuksalish va mudofaa qobiliyati bilan, balki unda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, ijtimoiy-ma’naviy muhit, o‘sib kelayotgan avlodni qo‘llab-quvvatlash barobarida, keksalarga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish sohasidagi islohotlar qamrovi bilan ham o‘lchanadi. Bugun biri-biriga ulanib ketayotgan xayrli ishlardan mamnun bo‘lib yashayotgan nuroniylarimiz timsolida yurtimizda inson huquq va manfaatlari nechog‘li ustuvor ekanligi yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Shohida ORIPOVA,
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati
Kengashining Reglament va deputatlik odobi
masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi.
Manba: «Xalq So'zi»