Salomatlikni asrash – muhim vazifa
2015-11-20
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida davlatimiz rahbarining 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan videomuloqot o‘tkazildi.
Vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, tibbiyot xodimlari, faol ayollar, mahalla maslahatchilari va yoshlar ishtirok etgan muloqotda ona va bola skrining xizmati, perinatal markazlar, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning joylardagi filiallari faoliyatiga oid ma’lumotlar tahlil etildi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari L.To‘ychiyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida xalqimizning salomatligini asrash, ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish, tibbiy profilaktika va davolash ishlari sifati hamda samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” loyihasi hayotga keng tatbiq etilmoqda. Bu jarayonda aholiga to‘g‘ri ovqatlanish, gigiyena va kamqonlikning oldini olish, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarning reproduktiv salomatligini saqlashga oid ma’lumotlar berib borilayotir. Bu kabi sa’y-harakatlar samarasida onalar va bolalar salomatligi yanada mustahkamlanmoqda.
Tadbirda aholi salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, onalar va bolalar, o‘smir qizlar sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, aholining tibbiy savodxonligini yuksaltirish yuzasidan erishilayotgan natijalarga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Yosh avlodning o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, davlat va jamoat tuzilmalari o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Salomatlik borasidagi tadbirlarni samarali o‘tkazish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Aholi hayoti va salomatligini muhofaza qilish, yosh avlodning jismoniy, intellektual hamda ma’naviy kamol topishiga yaqindan ko‘maklashishga oid istiqboldagi vazifalar belgilandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA