Ko‘mir briketi: sifatli va tejamkor

2015-11-20

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7-iyuldagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida ham kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

– Kuz-qish davrida aholi hamda byudjet tashkilotlarining ko‘mir mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Qashqadaryo hududiy ko‘mir yetkazuvchi” unitar korxonasi rahbari Haqqul Ishimov. – Jumladan, viloyat xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalariga rejadagi 28 ming 300 tonnadan ziyod ko‘mir yetkazib berildi. Aholiga 8 ming tonnadan ziyod ko‘mir arzon narxlarda sotildi. Bundan tashqari, mavsum uchun yana shuncha miqdordagi mahsulot omborlarga jamg‘arildi.

Mazkur hududiy distribyutorlik markazining viloyat shahar va tumanlaridagi olti shoxobchasi faoliyat yuritayotgani hududlarning o‘zida aholining arzon va sifatli ko‘mir mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-iyuldagi “Respublikada ko‘mir briketlari ishlab chiqarish va sotishni kompleks tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori viloyatda ko‘mir briketi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat korxonalarini ko‘paytirish, aholining arzon va tejamkor yoqilg‘i manbalariga bo‘lgan talabini qondirishda muhim omil bo‘lmoqda.

– Kredit mablag‘i evaziga xorijdan kuniga 18 tonnagacha mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatdik, – deydi Qarshi shahridagi “Safo-Sanoat Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Roman Boboyorov. – Ayni paytda buyurtmaga qarab, kuniga silindrsimon shaklda o‘n ikki tonnadan ortiq briket tayyorlanmoqda.

Korxona rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda mazkur mahsulotga talab oshgan. Iste’molchilar orasida issiqxona egalari, pishiq g‘isht ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar ham bor.

Asosan yoshlar mehnat qilayotgan sexda ishlab chiqarish jarayoni konveyyer usulida joriy etilgan. Dastlab, ko‘mir maxsus maydalovchi uskunadan o‘tadi. Yog‘och qipig‘i ko‘mir kukuniga aralashtirilib, navbatdagi moslamada zichlanadi. Keyin zarur kimyoviy komponentlar qo‘shilib, briket hosil qilinadi. Tayyor mahsulot esa maxsus quritish apparatiga jo‘natiladi.

Viloyat hokimligi huzurida tashkil etilgan maxsus ishchi komissiyasi tomonidan tanlov asosida saralab olingan markazga ko‘mir briketi yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga qator imtiyoz va qulayliklar yaratilgan. Jumladan, mazkur korxonalar endilikda xomashyoni odatdagidek birja orqali emas, balki “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomaga muvofiq xarid qilmoqda. Aholi va tashkilotlarga yetkazib berilayotgan ko‘mir briketining sifati doimiy nazoratda.

Prezidentimizning 2013-yil 2-avgustdagi “2013-2016-yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dastur asosida ko‘mir briketi ishlab chiqarishni ko‘zda tutuvchi ko‘plab istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Shahrisabz tumanidagi “Shamaton Brok Treyd” xususiy firmasi va “Allong Forward” mas’uliyati cheklangan jamiyati shular jumlasidandir. Ayni paytda mazkur korxonalarda kuniga o‘n tonnadan ziyod briket ishlab chiqarilmoqda.

Manba: O'zA