Nuroniylar salomatligi – doimiy e’tiborda

2015-07-15

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Jizzax viloyatida urush va mehnat fronti faxriylarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Biz keksalarga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan behad minnatdormiz, – deydi G‘allaorol tumani G‘afur G‘ulom nomidagi mahallada yashovchi 87 yoshli Norboy ota Narzullayev. – Shifokorlar ko‘rikdan o‘tkazib, davolanishimni tavsiya qilishdi. Shunday qildim. Hozir sog‘lig‘im yaxshi. Baraka topishsin, uyga kelib xabar olib turishibdi.

Norboy ota istiqomat qilayotgan mahalladagi 239 keksaning barchasi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasidan ushbu mahallaga biriktirilgan shifokor Nodira Mahmudova har bir qariyaning salomatligidan tortib, ayni paytda qayerda davolanayotganiyu, qanday shifo topayotganigacha nazorat qilib boradi.

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida nuroniylar salomatligini mustahkamlash bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bekamu ko‘st bajarilayotganini poliklinika ostonasidayoq sezish mumkin. Muassasaga kelayotgan qariyalarning shifokorlar qabuliga navbatsiz kirib chiqishi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikning samarasi yuqori bo‘layotir.

Muassasa tomonidan yilning o‘tgan davrida 5 ming 140 keksa chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kelish imkoniyati bo‘lmagan 1 ming 222 nuroniyning uyida ko‘rik tashkil etildi. Tibbiy ko‘rik davomida keksalarning 815 nafari ambulatoriya, 205 nafari statsionar sharoitda, 44 nafari viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, 72 nafari sanatoriya-kurortlarda davolanishga tavsiya qilindi.

Bu jarayonda urush va mehnat fronti faxriylariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 14 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 417 mehnat fronti faxriysining salomatligini nazorat qilib borish uchun maxsus shifokor va hamshiralar biriktirilgan.

«Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!» shiori ostidagi tibbiy ko‘rikka barcha nuroniylar qamrab olindi. Mahallalarga biriktirilgan hamshiralar tomonidan ko‘rikka kelish vaqti va joyi to‘g‘risida oldindan xabar berilgani tufayli keksalarning barchasi shifokorlar qabulida bo‘lishi ta’minlandi.

– Prezidentimiz rahnamoligida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani aholi salomatligini muhofaza qilish sifati va samaradorligini yaxshilashga xizmat qilmoqda, – deydi tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Yodgor Yoqubov. – “Salomatlik-3” loyihasi ijrosi doirasida poliklinikamizga 27 million so‘mlik ko‘z kasalliklari diagnostikasi va davolash apparatlari keltirildi. Ayni paytda poliklinikada 2 milliard 471 million so‘mlik rekonstruksiya ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘layotgan keksalarimiz yurtimiz hamisha tinch-osoyishta bo‘lishi, xalqimiz farovonligi yanada yuksalishini so‘rab duo qilmoqdalar.

– Yetkazganiga shukr. Keksalikda bunday xotirjam, farovon kunlarni orzu qilib o‘tayotgan odamlar kammi bu dunyoda? Jahonning hali u, hali bu yerida sodir etilayotgan to‘polonlarni ko‘rib, O‘zbekistonday jannatmonand yurtda yashash nasib etganiga shukronalar keltiramiz, – deydi Samarqand mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Omon ota Shoyzoqov. – Shunday muborak kunlarda qilingan duo ijobat bo‘ladi, deyishadi. Iloho, tinchlik-osoyishtalik yurtimizni hech qachon tark etmasin, turmushimiz bundanda farovon bo‘laversin. Xalqimizning baxti barqaror bo‘lsin.