“Botanika” turli soha xodimlarini kutib oldi
2015-10-12
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi hamda uning asosida ishlab chiqilgan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tadbirlar dasturiga muvofiq Respublikamiz bo‘ylab “Kasaba uyushmalari – faxriylarga” aktsiyasi o‘tkazilmoqda.
Aksiya doirasida keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning holidan xabar olib, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, tizimdagi sanatoriylarda bepul va imtiyozli sog‘lomlashtirish, pensiya yoshidagi hamda pensiyaga chiqqan xodimlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, mamlakatimiz mustaqilligining 24 yilligi bayrami munosabati bilan diyorimizning har tomonlama gullab-yashnashi uchun o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan 50 nafar
pensiya yoshidagi turli soha xodimlari hamda ishlayotgan pensionerlar kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda davolanish uchun bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlandi. Jumladan, kuni kecha tizimdagi “Botanika” sanatoriysida ularning bir guruhi kutib olindi.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan mazkur sihatgohda ularning sifatli dam olib, davolanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, davolanuvchilarning shifokorlar ko‘rigidan tezkor ravishda o‘tishlari, tegishli ravishda davolash muolajalarini qabul qilishlari, tabiiy omillardan samarali
foydalangan holda salomatliklarini mustahkamlashlari ta’minlanmoqda. Shuningdek, dam oluvchilar uchun 12 kunlik madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari dasturi ham ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning har bir daqiqalari sermazmun o‘tishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Kasaba uyushmalari – faxriylarga” aksiyasi davom etmoqda.