Mavsumga puxta tadorlik

2015-10-11

Prezidentimizning joriy yil 7-iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Jizzax viloyatida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha hokimliklar tomonidan dasturlar ishlab chiqilib, belgilangan chora-tadbirlar asosida issiqlik yetkazib beruvchi tizimlar o‘rganilmoqda, kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Mavjud 1 ming 230 ko‘p qavatli uyga 98 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, 4 boshqaruv servis kompaniyasi texnik xizmat ko‘rsatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar dasturga kiritilgan ko‘p qavatli uylardan 17 tasining tom qismi mukammal, 41 tasiniki joriy ta’mirlangan. Yerto‘lalardagi sovuq, issiq, oqova suv uzatish tarmoqlari ko‘rikdan o‘tkazilib, yaroqsiz holga kelgan qismlari almashtirilgan.

Mavsumda yuzaga keladigan favqulodda holatlarning oldini olish uchun viloyat bo‘yicha 53 avariya dispetcherlik xizmati tashkil etilib, 116 tezkor tuzatish brigadasi tuzildi va 195 transport vositasi shay holga keltirildi.

Keyingi yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishda uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyati tobora takomillashib bormoqda. Bunda ularning mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan yaqin hamkorlikda ishlayotgani, imtiyozli bank kreditlari bilan ta’minlanayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jizzax shahrining “Ittifoq” mahallasidagi 61 ko‘p qavatli uyga 14 uy-joy mulkdorlari shirkati namunali xizmat ko‘rsatmoqda. Shu kunga qadar mahalladagi 53 ko‘p qavatli uyning tomi, 32 uyning yo‘lagi, 48 uyning fasad qismi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Hududdagi 7 gaz taqsimlash shoxobchasi, transformator punkti mavsumga taxt qilindi.

– Tassarrufimizdagi 7 ko‘p qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini belgilangan reja asosida amalga oshirmoqdamiz, – deydi mahalladagi “Shohabbos-Kamronbek” uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Ro‘ziboy Mirzayev. – Bugungi kungacha “Agrobank”ning Jizzax filialidan olingan 229 million so‘mlik imtiyozli kredit hisobidan 309 kvadrat metr yo‘laklarga beton qorishmasi yotqizildi. Uchta ko‘p qavatli uyning tomi to‘liq, to‘rtta uyniki joriy ta’mirlandi. Uy tomlaridagi eskirgan shiferlar yangisiga almashtirildi. Uylarning fasad qismining 1 ming 140 kvadrat metri joriy ta’mirdan chiqarildi.

Ayni paytda mavsumga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, umumiy foydalanishda bo‘lgan barcha uy-joylar, shifoxona, ta’lim maskanlarida gaz, elektr, suv ta’minoti uzluksizligini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Manba: O'zA