Energiya tejamkorligi iqtisodiy o‘sishning muhim omillaridan biridir
2015-09-28
Jahon iqtisodiyotidagi global o‘zgarishlar, hamon davom etayotgan moliyaviy inqiroz bilan bog‘liq bugungi murakkab vaziyat o‘z ertasini, taraqqiyotini o‘ylagan har bir mamlakat oldiga tez va uzoqni ko‘zlab, puxta qarorlar qabul qilishni dolzarb vazifa etib qo‘ymoqda. Dunyo moliyaviy va iqtisodiy sharoitidan kelib chiqib, mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, uning tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilishni ko‘zda tutuvchi muhim hujjatlar qabul qilinmoqda va ular amaliyotga izchil joriy etilmoqda.
Prezidentimiz qarori asosida qabul qilingan 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh etish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi ushbu islohotlarning mantiqiy va uzviy davomidir.
Dastur yettita muhim yo‘nalishni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ulardan biri – energiya sarfini kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va tejamli foydalanish masalalariga ustuvor vazifalardan biri sifatida qarab kelinmoqda. Boisi, bir tomondan, respublikada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga energiya sarfini kamaytirishda hali foydalanilmagan zaxiralar ko‘p bo‘lib, ulardan unumli foydalanish imkoniyatlari mavjud. Ikkinchidan, yalpi ichki mahsulotning ishlab chiqarilishiga sarflanadigan energiya miqdori boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Shu ma’noda, yoqilg‘i-energetika resurslarining tejamkorlik bilan sarflanishini ta’minlash, ishlab chiqarishda mahsulot birligiga sarflanadigan shartli yoqilg‘i miqdorini kamaytirish bilan bog‘liq masalalarni keng miqyosda joriy etish taqozo qilinmoqda.
Shundan kelib chiqib, iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha, tegishli huquqiy asoslar yaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining «Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori shunday hujjatlar sirasiga kiradi. Gap shundaki, o‘tgan qisqa davr mobaynida mazkur qaror ijrosi doirasida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, loyihaning birinchi bosqichida Jahon banki tizimidagi Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 25 million AQSh dollari miqdoridagi uzoq muddatli imtiyozli krediti jalb qilindi. Natijada, respublikamizdagi «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka» banki va «Hamkorbank» ishtirokida mahalliy sanoat korxonalariga zamonaviy asbob-uskunalar sotib olish va energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish imkoniyati yaratildi.
Masalan, dastlabki bosqichda «O‘zbekneftegaz» milliy xolding kompaniyasi tizimidagi korxonalarda 2, «O‘zbekenergo» va «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatlarida 9, «O‘zpaxtasanoat» hamda Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmalarida 6, jami 31 loyiha amaliyotga tatbiq etildi. Pirovardida, ushbu subyektlarda iqtisod qilingan 152,4 million kilovatt/soat elektr energiyasi va 42,6 million kub metr tabiiy gaz tog‘-kon, kimyo, energetika, neft va gaz hamda qayta ishlash kabi tarmoqlarga yo‘naltirildi.
Bunda asosiy e’tibor jismonan va ma’nan eskirgan ishlab chiqarish quvvatlarini zamonaviylariga almashtirish, ushbu jarayonga texnik va texnologik yechimlarni izchil qo‘llash, mavjud xomashyo bazasidan oqilona foydalanish, yordamchi xo‘jaliklarga muqobil energiya manbalarini tatbiq etish omillariga qaratilgani diqqatga sazovordir.
Shuni alohida qayd etish lozimki, istiqbolli loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi 2013 yilda ikkinchi bosqich ro‘yobi uchun yo‘l ochib berdi. Sababi, buning uchun ajratilgan 100 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ tufayli sanoat korxonalarida yana 43 loyiha amalga oshirilmoqda. 2018 yilga qadar hayotga tatbiq etiladigan ushbu loyihalar hisob-kitoblarga ko‘ra, 547 million kilovatt/soatdan ortiq elektr energiyasi hamda 214 million kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Muhimi, respublikamizda yetarli darajada tabiiy gaz, suyuq uglevodorodlar, ko‘mir va boshqa turdagi yoqilg‘i-energetika resurslari zaxiralari mavjud. Shunday ekan, yaqin kelajakda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar yangi bosqichining mazmun va mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha joylarda tegishli targ‘ibot ishlarini keng yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, o‘zining ahamiyatiga ko‘ra, 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish Dasturida ko‘zda tutilgan mazkur yo‘nalish mamlakatimizda bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga, iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.