Avtomobil yo‘llari tarmog‘i kengaymoqda
2015-09-28
Milliy matbuot markazida mamlakatimiz avtomobil yo‘llari tarmog‘ini takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi.
Transport infratuzilmasini takomillashtirish iqtisodiyotmizni rivojlantirish sur’atlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois mamlakatimizda transport infratuzilmasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan kompleks dasturlar, avtomobil yo‘llari sifatini yaxshilash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mavjud chorrahalar, yo‘l o‘tkazgichlar, ko‘prik va yo‘llar rekonstruksiya qilinmoqda, yangilari barpo etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Shuhrat Dauletyarovning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentimizning shu yil 6-martdagi 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturi to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmalari modernizatsiya qilinmoqda. Besh yil mobaynida O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan 2,6 ming kilometr avtomobil yo‘li, umumiy uzunligi 370 metrlik ko‘priklar, yettita transport chorrahasi va yo‘l o‘tkazgich qurilishi rejalashtirilmoqda.
Joriy yil oxiriga qadar 375 kilometrdan ortiq bo‘lgan to‘rt polosali yo‘llarda qurilish va rekonstruksiya ishlarini yakunlash rejalashtirilayotir. Xalqaro va respublika ahamiyatiga ega 112 kilometr magistral hamda 130 kilometr mahalliy yo‘lni kapital ta’mirlash uchun Respublika yo‘l jamg‘armasi tomonidan mablag‘ ajratilgan.
Avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarida yo‘l qoplamalarining sifati va chidamliligini oshiradigan zamonaviy qurilish uslublari va texnologiyalaridan foydalaniladi. Buning uchun maxsus 993 zamonaviy texnika va tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish quvvatini yangilash imkonini beradigan 38 kompleks xarid qilindi.
Ta’kidlash joizki, haydovchi va yo‘lovchilar uchun yuqori darajadagi qulayliklar yaratish maqsadida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, yaqin vaqt ichida yo‘l bo‘yida kemping va motellar, yonilg‘i quyish shoxobchalari, tibbiy va texnik yordam ko‘rsatish punktlari, avtomobillar to‘xtash joylari va sayyohlik komplekslari kabi 240 xizmat ko‘rsatish obyekti qurilishi rejalashtirilmoqda.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.