Oziq-ovqat dasturi: modernizatsiya va izchil rivojlanish

2015-07-13

Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi dunyo davlatlari oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir. CHunki yer yuzi aholisining tobora o’sib borayotgani tufayli iste’mol tovarlari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan talab ham kun sayin oshayapti.

Biroq tabiiy va ekologik omillar natijasida qishloq xo’jaligi ekinlaridan kutilgan hosil olinmayotgani, oziq-ovqat sanoati rivoji nisbatan ortda qolayotgani ko’pgina mamlakatlarda kundalik iste’mol tovarlariga bo’lgan ehtiyojni qondirishga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti hamda Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, hozirgi vaqtda dunyoda deyarli har sakkiz odamning biri to’yib ovqatlanmayapti, sayyoramiz aholisining 30 foizidan ziyodi to’laqonli ravishda ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmaslik muammosini boshidan kechirayotir.

Ana shunday murakkab bir sharoitda O’zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanib, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanayotgani quvonarlidir. Bu qishloq xo’jaligi hamda qayta ishlash sanoatini taraqqiy ettirish, ayniqsa, oziq-ovqat dasturining izchil amalga oshirilayotgani samarasidir. Prezidentimizning 2009 yil 26 yanvardagi “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to’ldirish yuzasidan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori bu boradagi ishlarni jadallashtirishga keng imkoniyatlar ochib berdi.

Mazkur hujjat talablarini ijro etish yuzasidan, masalan, Qoraqalpog’iston Respublikasida 2009 — 2014 yillar davomida go’sht-sut hamda meva-sabzavotni qayta ishlash bo’yicha 50 ga yaqin korxona faoliyati yo’lga qo’yildi. Bu, o’z navbatida, ichki bozorni yuqori sifatli va arzon mahsulotlar bilan to’ldirishda alohida ahamiyat kasb etayotir.
E’tiborlisi, oziq-ovqat dasturini amaliyotga tatbiq qilishda fermer xo’jaliklari, tadbirkorlik sub’ektlari, yirik sanoat korxonalari, qo’yingki, hech kim chetda qolayotgani yo’q. Aytaylik, Nukus tumanidagi “Davron” fermer xo’jaligi qoshida zamonaviy parrandachilik fermasi tashkil etilgach, ichki bozorga parhez go’sht yetkazib berish hajmi oshdi. Buning uchun xorijdan 300 million so’mlik jihozlar olib kelindi.

— Jo’jalarni parvarishlash jarayoni avtomatlashtirilgan texnologiya orqali muntazam ravishda kuzatib boriladi, — deydi ish boshqaruvchi Isfandiyor Zaitov. — Buning qulayligi shundaki, ozuqa va suv solingan maxsus idishlar jo’janing bo’yiga qarab yo pasaytiriladi yoki baland ko’tarib turiladi.

Ichki bozorni arzon parhez go’sht va tuxum bilan to’ldirishda “Qoraqalpoq elektr tarmoqlari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilgan istiqbolli loyiha ham qo’l kelmoqda. Gap shundaki, uni ro’yobga chiqarish uchun 27 million so’m sarflanib, inkubator ishga tushirildi.

Korxona mutasaddisi Bahodir Sapartaevning aytishicha, bu yerda o’rnatilgan “Universal-55” uskunasi yordamida 21 kun mobaynida 45 ming dona o’rdak, g’oz, tovuq jo’jasini ochtirish imkoniyati mavjud. Buning samarasi o’laroq, shu kungacha kam ta’minlangan oilalar va elektr energiyasi sohasi ishchilariga 37 mingtadan ziyod naslli jo’jalar yetkazib berildi.

Sirasini aytganda, Nukus tumanida oziq-ovqat dasturi doirasida umumiy qiymati 5 milliard 865 million so’mlik 3365 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish ko’zda tutilgan bo’lsa, shu kunga qadar 2 milliard 330 million so’mlik 934 ta loyiha hayotga tatbiq etildi. Bundan tashqari, joriy yilda 5935 gektar maydonda sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari, 50 gektar yerda intensiv bog’ parvarishlanayapti. Ulardan 112 ming 868 tonna mahsulot yig’ishtirib olinishi kutilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, yetishtirilgan bog’ va dala ne’matlarini sifatli saqlash masalasi ham dolzarb. Misol uchun, yaqinda “Oydin avlod” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 700 million so’mlik sarmoya evaziga 300 tonna sig’imga ega muzlatkichli omborxona qurilgan bo’lsa, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik sohalarini rivojlantirish bo’yicha ham 10 ga yaqin loyihalar amalga oshirilayapti.

Ayniqsa, “Qo’ng’irotboy — Mehri” fermer xo’jaligi rahbari yesenboy Aytmuratov yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, avvalo, oilasi, qolaversa, ishchi-xodimlari, aholiga naf keltirayapti. YA’ni u bir necha yil muqaddam fermer xo’jaligi faoliyatini kengaytirib, sutni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan mo’’jaz korxona tashkil etgan edi. Bu yerda tayyorlanayotgan 5-6 xil sut mahsuloti tezda o’z xaridorlarini topgani esa fermerni yangi tashabbuslar sari undadi.

— Yaqinda Germaniyadan 50 bosh naslli qoramol olib kelib, chorvamiz bosh sonini salkam 600 taga yetkazdik, — deydi ye. Aytmuratov. — Endi xorijdan sutni qayta ishlaydigan eng so’nggi rusumdagi texnologik liniyani keltirishni mo’ljallayapmiz. Bu mahsulot turini ko’paytirish bilan birga, qo’shimcha ish joylari yaratish imkonini beradi, albatta.

Qisqacha aytganda, Orolbo’yi mintaqasi hududlarida iqtisodiyot tarmoqlarida hayotga tatbiq etilayotgan bunday istiqbolli loyihalar aholi turmush farovonligini oshirish, dasturxoni to’kinligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.