Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish yo‘lida

2015-09-17

Nukusda davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishda joylardagi davlat boshqaruvi idoralarining roli mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tegishli vazirlik va idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi B.Matmuratov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini izchil rivojlantirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi NNTlar rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Konsepsiyaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingani NNTlarning davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish, ijtimoiy ahamiyatga molik davlat dasturlarini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining barcha institutlariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishda muhim omil bo‘lmoqda.

Fuqarolik jamiyati institutlariga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor samarasida bugungi kunda NNT vakillari mamlakatimizda tashkil etilgan qirqdan ortiq idoralararo komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlari tarkibida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda ham NNTlar faol ishtirok etmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonuni mazmun-mohiyati, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va NNTlarning ijtimoiy hamkorlik sohasidagi huquq va majburiyatlari, davlat ijtimoiy buyurtmalarini taqdim etish va grant tanlovlari xususida ma’lumot berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida mustaqillikning dastlabki yillarida 9 nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 500 dan oshdi. Mazkur tashkilotlar faoliyatini takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining munosib o‘rni bor. Hozirgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 64 loyiha g‘olib bo‘ldi va 778,8 million so‘m miqdorida davlat grantini qo‘lga kiritdi. Grant tanlovining joriy yilda o‘tkazilgan birinchi va ikkinchi bosqichlarida 9 nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ommaviy axborot vositalari g‘olib bo‘lib, 130 million so‘mlik davlat grantiga ega bo‘ldi.