O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi ko‘rib chiqildi

2015-09-16

15-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar, tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Deputatlar mamlakatimiz Konstitutsiyasida Qonunchilik palatasiga berilgan vakolatlarga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini batafsil ko‘rib chiqdilar.

Taqdim etilgan hisobot Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalarida Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, soha ekspertlari, OAV vakillari ishtirokida dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Siyosiy partiyalar fraksiyalarida keng tahliliy ishlar o‘tkazilib, bu deputatlarga elektorat manfaatlari va dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz bosh moliyaviy hujjati ijrosining borishiga nisbatan o‘zlarining qat’iy nuqtai nazarlarini ishlab chiqish imkonini berdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari M.Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risida ma’ruza qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz Hukumatining joriy yil 16-yanvarida bo‘lib o‘tgan majlisida belgilangan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarining amalga oshirilishi, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishning o‘rta muddatli dasturlarini amalga oshirishni davom ettirish birinchi yarim yillikda asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ijobiy dinamikasi saqlab qolinishini hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining yanada mutanosib rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratilishini ta’minlaganligi ta’kidlandi.

Chunonchi, joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sishi 8,1 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 8,1 foizga oshdi. Inflatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi. Bunda makroiqtisodiy barqarorlik yanada mustahkamlanib, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi kuzatildi.

Chuqur o‘ylangan, puxta pul-kredit va soliq-byudjet siyosatining amalga oshirilganligi Davlat byudjeti daromad qismining prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan ijrosini 100,3 foizga ta’minlab, bu YaIMga nisbatan 23,6 foizni tashkil etdi. Davlat byudjetining xarajatlari YaIMga nisbatan 23,4 foizni tashkil etib, bu O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini YaIMga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan bajarish imkonini berdi.

Byudjet siyosatining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlanib turibdi: xarajatlar qismining 59,2 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni har tomonlama muhokama qilish chog‘ida Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari tomonidan eshitilgan hisobot yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan so‘zga chiqqan deputatlar mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini qayd etib, iqtisodiyotning barqaror o‘sishi sur’atlarini ta’minlashda, binobarin – davlat g‘aznasini ham ko‘paytirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli tobora oshib borayotganligini ta’kidladilar. Soliq yuki ancha kamayib borayotganligi sharoitida kichik korxonalar va mikrofirmalardan yagona soliq to‘lovi tushumlari o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 22,8 foizga oshdi. Bu tatbiq etilayotgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar samaradorligidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, davlat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik sohasidagi qonun hujjatlarini ijro etishlari ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Bu, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi farmoni asosida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ushbu qonun qoidalarini tushuntirish ishlarini amalga oshirish, tadbirkorlarni soliq solish tartibi va soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni liberallashtirishdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish zarur.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari o‘z saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda, eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va eksportni diversifikatsiyalash, mamlakatimizda ishlab chiqilgan mahsulotni sotish uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarning yuqori natijalariga alohida e’tibor qaratdilar. Jahon bozorlarida saqlanib turgan beqarorlik sharoitida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hajmi va nomenklaturasini kengaytirish yuzasidan ko‘rilgan choralar tovar va xizmatlar eksporti oshishiga xizmat qilganligi ta’kidlandi. Korxonalar raqobatbardoshligini oshirish, tashqi bozorlarda xaridorgir bo‘lgan mahsulot chiqaradigan yangi quvvatlar ishga tushirilishini rag‘batlantirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yil boshidan beri eksport faoliyatiga yana 493 ta korxona jalb etildi. Yangi 168 turdagi tovarlarning eksportga yetkazib berilishi amalga oshirildi. 255 ming tonna meva-sabzavot mahsuloti eksport qilindi, eksport hajmi 7,4 foizga oshdi.

Fraksiya vakillari joylarda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan soliq qonunchiligiga rioya qilinishini va berilgan imtiyoz hamda preferensiyalardan samarali foydalanishni, byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish asosida mahalliy byudjetlarning daromad qismi mustahkamlanishini, shuningdek, tegishli hududlarning moliyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanishni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Shuningdek, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirish, mintaqalarning zaxira salohiyatidan hamda ichki imkoniyatlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish lozimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar majlis ishtirokchilarining diqqatini 2015-yil birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti mablag‘larining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilganligiga qaratdilar. Bunda O‘zXDP aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish tarafdori ekanligi ta’kidlandi.

Iqtisodiyotdagi ijobiy tarkibiy siljishlar, sifatli o‘zgarishlar va tendensiyalar, mutanosib rivojlanish aholi bandligining o‘sishiga imkon berdi. Yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tizimli amalga oshirish natijasida 2015-yilning birinchi yarim yilligida 441,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, shundan 274,9 mingta ish o‘rni yoki 62,2 foizi qishloq joylarida tashkil etildi. O‘zXDP fraksiyasi a’zolari bundan buyon ham kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ushbu jarayon ustidan nazoratni kuchaytirish masalasi dolzarb ekanligini ta’kidladilar. Aholi bandligiga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larining samaradorligini va maqsadli ishlatilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish muhimligi ham ta’kidlab o‘tildi.

Deputatlar markazda va joylarda davlat boshqaruvi organlarining, byudjet tashkilotlarining byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, moliyaviy intizomga rioya qilish, shuningdek, Byudjet kodeksi normalari va qoidalari ijro etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirishga doir bir qator takliflar bildirdilar.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolarining fikricha, hisobot davrida ta’lim va sog‘liqni saqlash borasidagi xarajatlar ijtimoiy soha xarajatlari tarkibida hamon ko‘proq qismni tashkil etmoqda. Bunda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va farovonligini oshirishga Davlat byudjetidan 1049,8 milliard so‘m ajratildi. “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni faol amalga oshirish ayniqsa, keksalarning, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish imkonini berdi. Jumladan, joriy yilning birinchi yarim yilligida Davlat dasturini amalga oshirishga 1,5 trillion so‘m, shuningdek, 37 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Fraksiya a’zolari Dastur ijrosi ustidan, xususan, uning amalga oshirilishi uchun Davlat byudjetidan yo‘naltiriladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy parlament nazorati yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidlab o‘tdilar.

Shu bilan birga, fraksiya a’zolari davlat ilmiy-texnika dasturlarining ustuvor yo‘nalishlarini, tarmoqlar bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, innovatsion ishlanmalar dasturlarini moliyalashtirishning maqbullashtirilishiga doir takliflar bildirdilar.

O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi a’zolari ta’kidladilarki, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiradi. Bu atmosfera havosini, suv va yer resurslarini, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha bir qator tadbirlarni amalga oshirish imkonini berdi. Tozalash inshootlarini qurish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Aholining sifatli ichimlik suvidan foydalana olishini oshirish va aholi punktlarining sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Yilning o‘tgan davrida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 48,6 million AQSh dollari va Davlat byudjetidan 191,2 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi.

Muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqladi hamda tegishli qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati