Zamonaviy texnologiyalar samarasi

2015-09-16

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 2013-2017-yillarda suv resurslaridan oqilona foydalanish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturining bajarilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda global iqlim o‘zgarishlari sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash uchun mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish va sug‘orishning tejamkor texnologiyalarini keng joriy qilish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda suvdan samarali va maqsadli foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har yili 5 ming kilometrdan ortiq sug‘orish, 12 ming kilometr kollektor-drenaj, 50 ming kilometr ariq tarmoqlari tozalanmoqda. 200 kilometrdan ziyod kanallar, 530 kilometr lotok va kollektor tarmoqlari, 400 dan ortiq gidrotexnik inshootlar va boshqa ko‘plab obyektlar rekonstruksiya qilinmoqda va qurilmoqda.

Suvdan foydalanish samaradorligini oshirishda Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 19-apreldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘lmoqda.

Mazkur qarorga muvofiq qabul qilingan dastur asosida melioratsiya obyektlari qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, tiklash, tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish, suv xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda “O‘zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi, melioratsiya va boshqa suv xo‘jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashgan ellikka yaqin unitar korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2013-yil va joriy yilning o‘tgan davrida lizing asosida 550 meliorativ texnika va uskuna, jumladan, 180 dan ziyod ekskavator, yetmishga yaqin buldozer, 65 yuk avtomobili va boshqa mexanizmlar yetkazib berildi. Buning uchun Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi hisobidan 197,6 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi.

Natijada 2013-2014-yillarda 560 ming gektardan ziyod maydonning meliorativ holati yaxshilandi, kuchli va o‘rta sho‘rlangan yer maydonlari 71,3 ming gektarga qisqardi. 374,1 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati barqarorligi saqlab qolindi. 2017-yilgacha belgilangan davlat dasturining amalga oshirilishi 1,1 million gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, kuchli va o‘rta sho‘rlangan yer maydonlarini 87 ming gektarga qisqartirish imkonini beradi. 82 kilometr melioratsiya obyektlarining texnik holatini yaxshilash va 255 ming gektar maydonda kollektor-drenaj suvlarining kafolatli oqimini ta’minlash mo‘ljallanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2013-2017-yillarda 25 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi, 45,6 ming gektar maydonda plyonka to‘shab sug‘orish usuli hamda 34 ming gektar maydonda o‘qariqlar o‘rniga egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish usullari joriy etilishi belgilangan. Hozirga qadar 10,8 ming gektarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilindi.

– Sug‘orish tarmoqlarida suvning texnik yo‘qotilishi va filtratsiyasi kamayishiga erishilmoqda, – deydi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasini boshqarish departamenti bo‘lim boshlig‘i Sherzod Saidov. – Tomchilatib sug‘orish tizimini barpo etish uchun suv nasosi, filtr hovuz-tindirgich, o‘g‘itlovchi moslama, magistral va tarqatuvchi quvurlar, sug‘orish shlanglari hamda yordamchi qismlarning aksariyati yurtimizda ishlab chiqarilmoqda. 2014-yil Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga asosan yuridik shaxslar yer uchastkasining qaysi qismida tomchilatib sug‘orishdan foydalanayotgan bo‘lsa, o‘sha maydon uchun tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan oydan boshlab besh yil muddatga yagona yer solig‘i to‘lashdan ozod etildi.

Tadbirda jurnalistlarning savollariga javob berildi.