Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha dastur qabul qilindi
2015-09-11
O‘zbekiston hukumati qarori bilan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2019 yilgacha davom etishi mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Loyiha 2015-2018 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy tiklashni ko‘zda tutadi.
Hujjat iqtisodiyot, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo hamda moliya vazirliklari tomonidan ishlab chiqildi. Ishga bir qator idora va tashkilotlar, jumladan, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ijroiya qo‘mitasi, Orolbo‘yi genofondini himoya qilish xayriya jamg‘armasi jalb qilindi.
Dastur mintaqada suv resurslaridan samarali foydalanish tizimini takomillashtirishni ko‘zda tutadi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston 1.099 mlrd dollarlik 8ta loyihani amalga oshiradi. O‘zbekiston bu loyihalarning 388.3 mln dollarlik qismini o‘z zimmasiga oladi, kreditlar 678 mln dollarni, grantlar 33 mln dollarni tashkil qiladi.
Aholi sog‘lig‘ini yaxshilash va ekologik tahdid zonasida genofondni saqlashga 433.69 mln dollar yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Orolbo‘yi aholisining ish bilan bandligini ta’minlash, daromad manbalari yaratish ishlariga 321.2 mln dollar sarflanadi.
Ekotizimni va bioxilma-xillikni tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarga 158.1 mln dollarlik 16 loyiha amalga oshiriladi.
Dastur, shuningdek, mintaqa ijtimoiy-siyosiy infrastrukturasini yaxshilash va qayta tiklashni ko‘zda tutadi. Bu ishlarga Qoraqalpog‘istonda 1.921 mlrd dollar, Xorazmda 375.8 mln dollar yo‘naltiriladi.