Investitsiyaviy dasturlar ijrosi hududlarda sanoat salohiyatini oshirishda alohida o'rin tutmoqda
2015-08-22
Bugun dunyoda davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqirozning salbiy ta’siriga qaramay, yurtimizda iqtisodiyot va uning yetakchi tarmoqlarida barqaror o'sish sur’atlariga erishilmoqda. Mustaqillik yillarida uzoqni ko'zlab olib borilayotgan islohotlar, xususan, faol va aniq yo'naltirilgan investitsiya siyosati bu boradagi yutuqlarning muhim omili bo'layotir.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, tabiiy sharoit va xom ashyo resurslaridan samarali foydalanish imkonini beruvchi yangi sanoat quvvatlarini ishga tushirish bo'yicha poytaxt viloyatining O'rta Chirchiq tumanida ham muayyan ishlar amalga oshirilayapti. Prezidentimizning 2013 yil 12 iyuldagi “2013 — 2015 yillarda Toshkent viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to'g'risida”gi qarori bu borada muhim asos bo'layotir. Ushbu hujjat ijrosi doirasida o'tgan davr mobaynida hududda 20 ga yaqin katta-kichik sanoat tarmoqlari ishga tushirildi. Natijada joriy yilga kelib, tumanda mazkur jabhada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 180 milliard so'mdan oshdi. Bu uch yil avvalgi ko’rsatkich bilan taqqoslaganda, 35 foiz ko'pdir. O'z navbatida, tumanning olis-yaqin qishloqlariga sanoat tarmoqlarining jadal kirib borishi ko’plab ijtimoiy masalalarni ijobiy hal etish, xususan, yangi ish o’rinlari yaratish, aholi turmush darajasi, farovonligini yuksaltirish imkonini berayotir.
E’tiborga molik yana bir jihat shundaki, bu yerdagi yangi ishlab chiqarish tuzilmalarining aksariyati to'g'ridan-to'g'ri xorij sarmoyasi hisobidan tashkil etilmoqda. Masalan, o'tgan yili To'ytepa shahrida faoliyat boshlagan “Textile mill Tashkent” O'zbekiston — Germaniya qo'shma korxonasi ana shulardan biridir.
Ayni paytda erkaklar, ayollar va bolalar, shuningdek, sportchilar uchun to'qimachilik mahsulotlari tayyorlanayotgan korxonada texnologik jarayonlarni yo'lga qo'yish uchun xorijiy sheriklar tomonidan yo'naltirilgan sarmoyalarning umumiy hajmi 2 million AQSH dollaridan oshdi. Shu tariqa korxona Janubiy Koreya va Xitoyning eng zamonaviy to’qimachilik uskunalari, tikuv dastgohlari bilan jihozlandi. Eng muhimi, bu yerda mahalliy yigit-qizlarga mo’ljallangan 70 dan ortiq ish o’rni vujudga keldi.
— Davlatimiz tomonidan biz, tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar faoliyatimizni rivojlantirish va jahon bozoriga dadil kirib borishimizda katta madad bo’layapti, — deydi qo'shma korxona rahbari Hasan Hoshimov. — Ayni paytda tayyor mahsulotning 90 foizini xorijga sotayapmiz. Eng rivojlangan davlatlardan buyurtmalar kelib tushmoqda. Qisqa fursatda bir nechta xalqaro sifat sertifikatlariga ega bo'. Bundan ruhlanib, yangi-yangi loyihalar ustida izlanayapmiz. Xususan, tijorat banki krediti hisobidan faoliyatimizni kengaytirish harakatidamiz. Buning uchun qo’shimcha majmua bunyod etmoqdamiz. Hamkor davlatlardan yana 43 ta to'qimachilik uskunasi keltirish tadorigini ko'rayapmiz. Bundan tashqari, ishchi-xizmatchilarimizni ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida zamonaviy oshxona, kiyinish xonasi hamda tibbiyot punkti qurishni ham rejalashtirganmiz. Bu ishlar to’liq amalga oshirilgach, ishlab chiqarish hajmi, jamoamiz a’zolari soni kamida 25-30 foiz oshadi.
To’qimachi Nigora Hasanboeva sexga o'rnatilgan dastgohlar va ularga jamg'tabiiy va sintetik tolalarni birma-bir ko'zdan kechirib chiqqach, chaqqon harakatlar bilan sensorli tabloga nimalarnidir qayd etadi. Zum o'tmay, to'qimachilik dastgohlari bir maromda ishlay boshladi.
— Tumanimizdagi milliy hunarmandchilik va dizayn kasb-hunar kollejini tamomlab, to'g'ri shu yerga ishga keldim, — deydi u. — Sohaga qiziqqanim hamda ta’lim maskanida olgan amaliy va nazariy bilimlarim tufayli qisqa fursatda o’z ishimni chuqur o'zlashtirib oldim. Ko'rib turganingizdek, korxonamizga xorijdan olib kelingan ilg'or uskunalar juda ajoyib. Kompyuter “buyrug'i” bilan ishlaydi. Masalan, maxsus dasturiy tizim orqali ular xotirasiga to'qilishi kerak bo'lgan yangi mahsulotning eskizi skaner orqali kiritilsa bas, zum o'tmay, haqiqiysi qo'lingizda bo'ladi.
Nigoraxon liniyadan shundoq yelim savatchaga kelib tushayotgan deyarli tayyor holdagi to'qima mahsulotni olib, qo'lidagi rangli chizmaga solishtiradi. Hammasi risoladagidek. Ranglari ham joyida — oqi oq, qizili qizil! Kerakli andozani olishda bu safar ham umuman xatoga yo'l qo'yilmadi.