“KEKSLARNI E'ZOZLASH YILI” DAVLAT DASTURINING QONUNCHILIK ASOSLARI” MAVZUSIGA BAG’ISHLANDI
2015-08-15
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Kekslarni e'zozlash yili” Davlat dasturining qonunchilik asoslari” mavzusida navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birga, davlat boshqaruvi organlari, vazirliklar, qo’mitalar, jamoat tashkilotlaridan mutaxassislar va huquqshunos olimlar ishtirok etdilar.
Keksalarni hurmat qilish, ularga e'tibor va g’amxo’rlik ko’rsatish jamiyatimizning o’ziga xos yuksak ma'naviy va madaniy belgisidir. O’zbek xalqiga azaldan xos bo’lgan bunday yuksak fazilatlar istiqlolimizning dastlabki yillaridan mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, mustaqillik yillarida aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda 60 yoshdan oshganlar soni 2 million 873 mingdan ko’proq kishini tashkil etdi. Istiqlol sharofati bilan xalqimizning o’rtacha yoshi 1990 yildagi 67 yoshdan 73,5 yoshga, ayollar o’rtasida esa 75,8 yoshga yetdi. Ayni paytda yurtimizda 225 ming nafar 80 yoshdan, 44 ming nafar 90 yoshdan, 8 ming 700 nafar 100 yoshdan oshgan tabarruk qariyalar yashamoqda.
O’tgan yillar davomida boshlangan xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida Davlatimiz rahbari taklifi bilan 2015 yil mamlakatimizda “Keksalarni e'zozlash yili” deb e'lon qilindi va mazkur yilga bag’ishlangan Davlat dasturi qabul qilindi.
Davlat dasturida joriy yilda ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy sohalarda amalga oshirilishi lozim bo’lgan barcha chora-tadbirlar aniq belgilab berilgan. Qonun ijodkorligi doimiy harakatdagi jarayon bo’lib, davr taqozosi va taraqqiyot uning oldiga doimo yangi-yangi vazifalar qo’yishi tabiiy. Davlat dasturining I bo’limi ham bevosita qonun hujjatlarini ishlab chiqish jarayoni bilan bog’liq bo’lganligi sababli uni shakllantirish har yilgidek Adliya vazirligiga yuklatildi.
Davlat dasturining mazkur bo’limi keksa avlodga e'tibor va g’amxo’rlikni kuchaytirish hamda ular hayoti mazmunini oshirishga yo’naltirilgan qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo’lib, bu borada 8 ta qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish lozimligi belgilab berilgan.
Mazkur dastur yoshi ulug’ insonlarni, urush va mehnat fronti faxriylarining manzilli ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga ular uchun yaratilayotgan imtiyozlar ko’lamini ham kengaytiradi. Bugungi kunda dasturning yangi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishga qaratilgan 19 ta bandidan 15 tasi bo’yicha loyihalar ishlab chiqildi.
Jumladan, Davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan “Qariyalar, nogironlar va aholining boshqa toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish to’g’risida”gi Qonun loyihasida qariyalar, nogironlar hamda aholining boshqa toifalariga ijtimoiy xizmatlar ko’rsatishning asosiy prinsip va mexanizmlarini, shuningdek, huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, aholining turmush darajasini oshirishga yo’naltirilgan ijtimoiy xizmatlar ko’rsatishning turi va shakllarini belgilash, aholiga ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish sohasida mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, boshqa mas'ul idoralarning vakolatlari, majburiyatlari aniq belgilab berilgan.
“O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o’zgartirishlar kiritish to’g’risida”gi Qonun loyihasida esa keksa avlodga nisbatan jinoyat qonunchiligi normalarini yanada liberallashtirish maqsadida, Jinoyat kodeksining 50-moddasiga ozodlikdan mahrum qilishning eng ko’p muddatini (75%)dan (67,7%)gacha kamaytirishni nazarda tutuvchi o’zgartirish kiritish nazarda tutilgan bo’lib, mazkur qonun Oliy Majlis Senatining yaqinda bo’lib o’tgan uchinchi yalpi majlisida Senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Milliy qadriyatlarimizdan biri yoshi ulug’ insonlarni qadrlashdir. Keksalarning oltin o’gitlariga amal qilib yashash komillik, turmush farovonligimiz asosidir. Zero, keksalari e'zoz topgan yurt ahlining ko’ngillari xotirjam, hayoti tinch, osoyishta, turmushi esa obod va farovon bo’ladi.
Uchrashuvda mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan, muhokama etilgan mavzuga oid barcha masalalar bo’yicha axborot berdilar. Mazkur dasturning mazmun-mohiyatini, uning ijrosini ta'minlash borasidagi faoliyatni keng jamoatchilikka yetkazishda Adliya vazirligining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini yanada mustahkamlash yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.