Tadbirkorlar manfaati doimiy e’tiborda
2015-08-13
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida sohaning iqtisodiyotdagi o‘rni tobora ortib bormoqda. Hisobot davrida mamlakatimizda 15 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, kichik biznesning sanoatdagi ulushi 28,9 foizdan 31,4 foizgacha, bandlikda – 76,8 foizdan 77,2 foizgacha o‘sgani buning tasdig‘idir.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish, biznes muhitini takomillashtirish hamda tadbirkorlarning xorijiy ishbilarmonlar bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Palata tomonidan chet el kapitali ishtirokidagi 34 qo‘shma korxonani tashkil etishda yordam ko‘rsatildi. 84 korxonaga xorijdan to‘qimachilik, qurilish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash hajmini oshirishga xizmat qiladigan umumiy qiymati qariyb 23 million dollarlik texnologiyalar sotib olishda, 85 davlat korxonasiga umumiy qiymati 18,7 million dollarlik mahsulotlar eksportida ko‘maklashildi.
Korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yishda tadbirkorlar uchun tashkil etilayotgan ko‘rgazma hamda biznes uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakatimizda tashkil etilgan 91 ko‘rgazmada mahalliy va xorijlik ishbilarmonlar tomonidan 65 savdo bitimi imzolandi. Palata ko‘magida yuzga yaqin tadbirkor Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Rossiyada o‘tkazilgan ko‘rgazma-yarmarkalarda qatnashib, 34 bitim tuzdi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdagi mavjud to‘siq va cheklovlarni tugatishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarida amalga oshirilayotgan tekshiruvlarda Savdo-sanoat palatasi xodimlari ham ishtirok etmoqda. O‘tgan davrda mingdan ortiq rejali va rejadan tashqari tekshiruvlar jarayonida qonunbuzarlik holatlari qayd etilmadi.
Matbuot anjumanida tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini yanada oshirish, axborot-maslahat markazlari faoliyati, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar xususida ham atroflicha so‘z yuritildi. Jurnalistlarning savollariga javob berildi.